O‘quvchilar imtihon haqida qanday fikrda?

O‘quvchilar imtihon haqida qanday fikrda?

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyida o‘qish istagida ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilar uchun bugundan imtihon sinovlari boshlandi. Quyida imtihon jarayonlari haqida o‘quvchi-yoshlarning fikr-mulohazalari bilan tanishing.

   Mohlarbegim ADHAMOVA:

 — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 35-umumta’lim maktabini bu yil tamomlab, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyiga hujjatlarimni topshirdim. Nasib etsa, avval litsey, keyinchalik, akademiyada arab tili mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib, mazkur sohaning malakali o‘qituvchisi bo‘lmoqchiman. Bugungi imtihon haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘ngildagidek o‘tdi deya olaman. Puxta tayyorgarlik ko‘rganim uchun savollar murakkab tuyulmadi. Bilgan savollarim tushdi. O‘qigan, bilimi bor yoshlar, albatta, ko‘zlagan maqsadiga erishadi deb o‘ylayman. Barcha tengdoshlarimga omad.

 

 

 

 

  Shojalil AZIZOV:

  — Bolaligimdan arab tili va adabiyotiga qiziqardim. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyiga o‘qishga topshirishimdan maqsad ham shu edi. Tashkiliy jihatdan ko‘nglim to‘ldi. Imtihonlarni elektron shaklda o‘tkazilgani menga ma’qul bo‘ldi. Bilgan savollarim ham testda tushdi va ustozlarim bergan saboqlar imtihonda qo‘l keldi.

 

 

 

 

  Nozima ABDUVALIYEVA:

  — Maktabda rus tili guruhida o‘qigan bo‘lsam-da, ammo bugungi imtihonda unchalik qiynalmadim. Savollar o‘qigan o‘quvchi uchun murakkab emas. O‘quvchilarning aksariyati bilimli ekani test savollarini xotirjamlik bilan yechayotganidan sezilib turibdi. Eng asosiysi, imtihon adolatli o‘tdi deb bemalol ayta olaman. Imtihon jarayonlari nazoratchilar e’tiborida bo‘ldi.

 

 

 

 

  Muhammadyusuf ABDURAZZOQOV:

  — Bir yarim soat mobaynida 45 ta savolga javob topishga harakat qildim. Xayolimda faqat Akademik litsey talabasi bo‘lish va buning uchun imtihondan yuqori bahoni qo‘lga kiritish turardi. Imkon qadar ko‘proq savollarga javob topishga harakat qildim. Natijalarni hayajon bilan kutsam kerak.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email