O‘zbekiston – millatlararo totuvlikda namuna

O‘zbekiston – millatlararo totuvlikda namuna

Ma’lumki, 1997-yildan buyon BMT Bosh Assambleyasi tomonidan butun dunyoda har yili 16-noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanadi. O‘zbekistonda ham ushbu sanani nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda Markaziy Osiyo davlatlarining tarixiy qadriyatlarini o‘rganish va targ‘ib qilish masalalari” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi. Mazkur tadbirga yig‘ilganlar O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qiluvchi mamlakat ekanini alohida ta’kidlashdi. Anjuman ishtirokchilarining quyidagi bildirgan ana shunday mulohazalari bilan tanishing.

– O‘zbekistonda joylashgan buddaviylar ibodatxonasi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi, – deydi buddaviylar ibodatxonasi rahbari o‘rinbosari Aleksandr Xegay. – Xalqaro bag‘rikenglik bayrami bilan hamyurtlarimizni tabriklaymiz. Aytish joizki, O‘zbekiston bag‘rikenglikni ta’minlashda dunyo mamlakatlariga haqiqiy o‘rnakdir. Bu yurtda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda. Bu yil bag‘rikenglikka bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ilk marotaba onlayn tarzda bo‘lib o‘tyapti. Tadbirning o‘zbek, rus va ingliz tilida tashkil etilgani barchaga qo‘shimcha qulayliklar yaratdi. Mavzuning muhimligi shundaki, dunyoda diniy va irqiy ixtiloflar bo‘layotganiga qaramay, bu yurtimizning ichki muhitiga ta’sir o‘tkazmayotgani quvonarli hol. Xorij mamlakatlari bu borada O‘zbekiston tajribasini o‘rgansa yaxshi bo‘lardi deb o‘ylayman.

– Bugungi kunda O‘zbekistonda dinlar, madaniyatlar va millatlararo totuvlik dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun namunadir, – deydi Yahudiy diniy jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov. – Yurtimizda ko‘p millat, elat xalqlari, turli din vakillari tinch-totuv yashab kelyapti. Biz, o‘zimizni o‘zbek xalqi degan katta ahil oila farzandlari, deb bilamiz. Xalqimizning farovon hayot kechirishi yo‘lida davlat rahbari oqilona siyosat olib bormoqda. Davlat qudratli bo‘lishi uchun unda yashayotgan turli millat, madaniyat va din vakillari o‘zaro birdamlikda yashashi muhimdir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email