O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi tamadduni beshigi

O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi tamadduni beshigi

Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, muqaddas dinimizni, yurtimizdan yetishib chiqqan ulamolarimizning hayoti va boy ma’naviy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga hamda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tarixda ajdodlarimizning ilm-ma’rifatga, fan taraqqiyotiga qo‘shgan ilmiy mehnatlari sabab Sharqning birinchi Renessansi IX-XII asrlar va ikkinchi Renessansi XIV-XVI asrlarda vujudga kelgan. Bu Sharqning uyg‘onish davri, deb ta’riflangan va umumbashariyat tomonidan e’tirof etilgan tarixiy haqiqat. Bugun dunyo nigohida “O‘zbekiston” deyilganda, avvalo, bu yurtda tug‘ilib, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga katta xizmat qo‘shgan buyuk allomalar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi minglab jahon sivilizatsiyasi tamadduniga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan ajdodlarimiz nomi yodga keladi.

Bugun dunyoning ma’naviy xazinasi bo‘lgan kutubxona fondlari asosini ajdodlarimiz tomonidan tasnif etilgan asarlar tashkil etayotgani ham ayni haqiqat. Davlat rahbari tomonidan yurtimiz allomalariga mansub bir sahifa yozma hujjat yoki asar bo‘lsa ham yurtga olib kelish lozimligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bir necha bor tashrif buyurib, markazning qurilishi, ishlatiladigan bezaklari, tashqi va ichki mazmunini boyitish to‘g‘risida o‘z fikr va takliflarini berib o‘tdi. Xususan, “Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy o‘tmish, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam ulkan merosimiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur”, – degan edi.

Darhaqiqat, ushbu markaz uyg‘onish davrlari, ajdodlar ilm-ma’rifati, azaliy qadriyatlarimizni kelajak bilan bog‘lovchi yuksak ilmiy ko‘prik vazifasini bajaradi. Islom dini bilan bog‘liq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish markazning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda: “Bu markaz asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi, uning har bir naqshi tarixga muhrlanadi”.

Yurtimizdan chiqqan islom ilm fani taraqqiyoti va rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk vatandoshlarimiz bor. Ularni butun dunyo musulmon olami “Musulmonlar faxri” deb e’tirof etishadi va bu bilan haqli ravishda g‘ururlanadilar, hatto, ba’zi xorijiy olimlar o‘z manbalarida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarni o‘zlaridan chiqqanini aytib faxrlanishini ham ko‘rish mumkin. Bu allomalarimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabilarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Markazning asosiy vazifalari ham bu buyuk allomalarimizning  benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlarini keng targ‘ib qilishdan iborat.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan mehmon va sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Marg‘ilon, Karmana, Qo‘qon singari qadimiy shaharlarimizda qadimda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlarini ham markazda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu yurtimizning muqaddas tarixi, yuksak madaniyati va buyuk allomalarimizning islom sivilizatsiyasi tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini yaqqol ko‘rsatib beradi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy tadqiqotlar olib borishda, ilmiy-amaliy anjuman, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish va qo‘lyozmalarni keng tadqiq etishda shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental ilmiy baza bo‘lib xizmat qiladi. Markazda mahalliy va xorijlik olimlar, tadqiqotchi va mutaxassislarning ilmiy tadqiqot olib borishlari uchun sharoitlar yaratiladi va doimiy ilmiy-amaliy xalqaro hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy va xorijiy olimlarning ilmiy tadqiqot natijalari asosida qomuslar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa ilmiy-tarixiy materiallar tayyorlanadi. Shuningdek, bu ma’rifat maskanida butun dunyodan diniy ulamolar, islomshunos va tarixchi olimlar ishtirokida xalqaro anjuman, konferensiya va ilmiy-amaliy seminarlar doimiy tashkil etiladi.

Prezidentimiz markazga tashrifi chog‘ida din ulamolari, olimlar va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda markazning muqaddas dinimiz ma’rifatini, ma’naviyatini targ‘ib qilishdagi ahamiyatini alohida ta’kidlab: “Ushbu markaz milliy tariximiz va madaniyatimizni, milliy o‘zligimizni tiklash va yanada ravnaq toptirish yo‘lida yangi davrni boshlab beradi”, – dedi.  “Bu markaz uchinchi Renessansning ilmiy poydevori bo‘lishi kerak”, degan ulug‘vor vazifa ziyolilarga qarata aytildi.

Darhaqiqat, millatning yuksak ma’rifati va ma’naviyatini ko‘rsatish, muqaddas tariximizni o‘rganish, ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etib, xalqimiz hamda dunyo ahliga taqdim etishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlanganidek, milliy tariximizni, yuksak ma’rifat va ma’naviyatni, islom sivilizatsiyasini o‘rganish va keng tadqiq etishda markaz yangi davrni boshlab berib, uchinchi Renessansning poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Shukrulla UMAROV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi.


Print   Email