O‘zbekiston – boy madaniyat, qadimiy tarixga ega mamlakat

O‘zbekiston – boy madaniyat, qadimiy tarixga ega mamlakat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil yanvar oyida Germaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining islomshunos, sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya Germaniyaning nufuzli universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, muzey va qo‘lyozma fondlarida bo‘lib, soha mutaxassislari bilan uchrashuv hamda muloqotlar o‘tkazgandi.

Safar davomida Germaniya va O‘zbekistonda islomshunoslikka ixtisoslashtirilgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, buyuk alloma va ajdodlarimizning Germaniyada saqlanayotgan nodir asarlarini o‘rganish, hamkorlikda konferensiyalar, ilmiy seminarlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.

Ana shu kelishuvlarga muvofiq, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo — Afrika tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzui doirasida qator ilmiy ma’ruzalarni o‘zida mujassam etgan onlayn seminarlar o‘tkazilmoqda.

Ana shunday muloqotlarning dastlabkisi Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo — Afrika tadqiqotlar instituti direktori, professor Stefan Xaydmanning “Buxoroning Islom saltanatiga integratsiyasi” mavzuidagi ma’ruza bilan boshlandi. Unda nafaqat O‘zbekiston va Germaniya ilmiy doiralari vakillari, balki AQSH va Misr Arab Respublikasining sharqshunos va islomshunos olimlari ham ishtirok etdi.

Yaqinda mazkur onlayn-seminar dasturidan o‘rin olgan navbatdagi ma’ruza tinglandi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, dotsent Shovosil Ziyodov “Buxoro kutubxonalari tarixi” mavzuida so‘z yuritdi.

Olim ma’ruza davomida Buxorodagi ilk kutubxonalar, Xoja Muhammad Porso kutubxonasiga oid yangi ma’lumotlar, Jo‘ybor xojalarining Govkushon kutubxonasiga vaqf qilgan kitoblari, Buxoro qozikalonlarining sulolaviy kutubxonalariga doir qimmatli ma’lumotlar berildi.

— Kutubxonalar tarixini o‘rganish O‘zbekiston hududidagi ilmiy-ma’rifiy darajani aniqlash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha shug‘ullanayotgan tadqiqotchilar uchun muhim ma’lumotlarni taqdim etishi tabiiy, — deydi Shovosil Ziyodov.

Olimning fikricha, mazkur tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad Buxoro hududida mavjud bo‘lgan kutubxonalarni aniqlashdan iborat. O‘zbekiston qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan ayrim asarlarning kelib chiqish tarixi noma’lum bo‘lib qolayotgan edi. Seminar Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan kitobat tarixi va kutubxonachilik madaniyatini tadqiq etish, ushbu hududda yashab o‘tgan ziyolilarning hayoti to‘g‘risida to‘liq va obyektiv bilimga ega bo‘lish, yangi ilmiy ma’lumotlar bilan tanishishga imkon berdi.

Germaniyalik olimlar ishtirokidagi ilmiy seminarlar shu yilning mart oyiga qadar davom etadi. Unda O‘zbekiston zaminining boy tarixi va madaniyatiga oid dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglanadi.

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi

2021-yil 12-yanvar, № 7 (7787)


Print   Email