O‘quv yili yakuniga qadar darslar ONLAYN o‘tadi

O‘quv yili yakuniga qadar darslar ONLAYN o‘tadi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida karantin qoidalariga rioya qilishini kuchaytirish, infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida 21-apreldan 4-mayga qadar o‘quv jarayoni masofaviy ta’lim asosida olib borilayotgan edi.

Afsuski, mazkur muddat davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Santariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda aholi orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatining kamayishi kuzatilmadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashining 2021-yil 1-maydagi navbatdan tashqari 15-son majlisi yakunlariga ko‘ra, pandemiya sharoitini inobatga olgan holda 2020-2021 o‘quv yili yakuniga qadar barcha bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘quv jarayoni masofaviy shaklda davom etishi belgilandi.

Bakalavriat va magistratura bitiruvchi kurs talabalarini Davlat Attestatsiyasi komissiyasi imtihonlari, bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi himoyalarini topshirishlari uchun reja asosida Akademiyaga jalb etiladi. Imtihon kunlari va o‘tkazilish jarayoni bo‘yicha bitiruvchi kurs talabalari va magistrlari uch kun muddatda ogohlantiriladi.

Bakalavriat 2-kurs 5121100-Xalqaro munosabatlar, 5160100-Islomshunoslik (yo‘nalishlar bo‘yicha), 5120600-Dinshunoslik, 5210200-Psixologiyasi (Din psixologiyasi) ta’lim yo‘nalishi rus guruhlari “O‘zbek tili” fanidan 2020-2021 o‘quv yilining oxirgi haftasida Yakuniy Davlat Attestatsiyasi imtihonini Akademiya hududida topshirilishi tashkillanadi. Bu bo‘yicha belgilangan tartibda talabalar 3 (uch) kun muddat oldin xabardor etiladi.

Hurmatli Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari!

Sizdan, masofaviy ta’lim jarayonida karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilgan holda akademiyada joriy etilgan ta’lim platformalari orqali belgilangan dars jadvali asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishingiz so‘raladi.

Masofaviy ta’lim jarayoniga doir qo‘shimcha ma’lumotlar bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining www. iiau.uz. sayti orqali tanishib borishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email