Oʻzbekistonda yana bir koʻkrak nishon taʼsis etildi

Oʻzbekistonda yana bir koʻkrak nishon taʼsis etildi

Hukumat qarori bilan “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.   

Qarorga koʻra, koʻkrak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari oʻrtasida millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshgan, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va OAV vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlar tegishli tartibda koʻrib chiqiladi.

Shunga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining (Qoʻmita) koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomalarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyasi tashkil etiladi.

Komissiya tomonidan har yili 1-iyulga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Shuningdek, Qoʻmita raisi oʻz tashabbusiga asosan xorijlik hamkorlari, chet eldagi turdosh tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillarini millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun koʻkrak nishoni bilan taqdirlashi mumkin.

Koʻkrak nishoni har yili 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni arafasida tantanali vaziyatda topshiriladi.

Taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (980 ming soʻm) miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.

Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

 

MANBA


Print   Email