Navoiy ijodi – bebaho meros

Navoiy ijodi – bebaho meros

So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Navoiy ijodi – bebaho meros” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazildi. “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirni Akademiyaning Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Hazrat Alisher Navoiyning yaratgan o‘chmas asarlari, ularning inson kamolotidagi ahamiyati hamda yurtimizda shoir ijodini tadqiq etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadqiqotlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Ilmiy anjumanda Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, filologiya fanlari doktori Qosimjon Sodiqov, Madaniyat vazirligi huzuridagi xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bo‘lim boshlig‘i Aftondil Erkinov, Istambul universiteti huzuridagi Turk tili markazi raisi doktor Emek Usenmez, Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston davlat pedagogika universiteti Chet el talabalarini moslashtirish markazi direktori Shahlo Naraliyeva, Istambul madaniyat universiteti dotsenti, doktor Vahit Turk, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali onlayn o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar buyuk mutafakkir ijodining maftunkor qirralari, shoir she’riyatini o‘rganish va tadqiq etishdagi vazifalar xususida mulohazalar yuritishdi. Shoir ijodining turli qirralari hamda O‘rta asr Movarounnahrda ilmiy fikr va madaniyat rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari ochib berildi.

Konferensiyada “Alisher Navoiyning “Hazoyin ul-maoniy” dostonida payg‘ambarlar siymosi”, “Qadimgi lug‘atlarda berilgan fonetik izohlar va Navoiy asarlaridagi ayrim so‘zlarning o‘qilishi”, “Alisher Navoiy ijodining Turkiyada o‘rganilishi”, “Britaniya kutubxonasidagi Navoiy asarlari”, “Alisher Navoiy g‘azallarida maqol va iboralarning qo‘llanilishi”, “Alisher Navoiy she’riyatida Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) siymosi” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

Bugungi globallashuv davrida Alisher Navoiy merosiga qayta-qayta murojaat qilish, uning asarlarida o‘z ifodasini topgan, insonni kamolotga yetaklashga qaratilgan ezgu g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bo‘lim boshlig‘i Aftondil Erkinov. – Bugungi konferensiya davomida ham o‘zbek va xorijlik olimlar tomonidan yuqoridagi so‘zlari yangradi. Anjuman davomida xorij va o‘zbek olimlarining Alisher Navoiy to‘g‘risidagi ilmiy ishlari, fikrlari bilan tanishdik. Turkiya, Qozog‘istonda o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarining mavjudligi Alisher Navoiy ijodini o‘rganish uchun muhim qadam deb o‘ylayman. Konferensiyada o‘zim ham “Alisher Navoiy ijodining Turkiyada o‘rganilishi” mavzusida ma’ruza qildim. Turkiyalik olimlar Navoiy va o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganishda umumiy yondashishadi. Bizda esa tilshunoslik bo‘yicha alohida, adabiyotshunoslik yo‘nalishiga ixtisoslashgan olimlar faoliyat yuritadi.

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ilmiy-adabiy anjuman yakunida Navoiy bobomiz qoldirgan bebaho merosning bugun ham ilmiy jihatdan chuqur o‘rganilayotgani, yosh avlod ma’naviyatiga ahamiyati xususidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar yuritildi. Tadbir doirasidagi munozaralar va o‘zaro muloqotlar chog‘ida Alisher Navoiy ijodi o‘zbek tilining butun go‘zalligini, uning boyligi hamda nazokatini dunyoga ochib bergani, u qoldirgan meros jahonda hamon katta qiziqish uyg‘otayotgani yuzasidan tadbir ishtirokchilari yakdil fikr bildirdilar.

Anjuman yakunida Akademiya talabalari mumtoz shoir ijodidan namunalar keltirib, g‘azallarini turli tillarda o‘qishdi. Shuningdek, “Dutorchi qizlar” ansamblining musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email