Mustaqil davlatchiligimiz timsoli

Mustaqil davlatchiligimiz timsoli

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida milliy boyligimiz, mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan o‘zbek tilida nutq so‘zlashi barcha turkiy tilli xalqlar uchun tarixiy voqea bo‘lib, qalblarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishladi.

Mamlakatimiz rahbarining 200 ga yaqin davlat a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilot minbaridan o‘zbek tilida dunyoda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan amaliy tashabbuslar bilan chiqib, jahon hamjamiyati olqishiga sazovor bo‘lishi O‘zbekistonning to‘laqonli mustaqil davlat sifatida o‘z ovoziga ega ekanining yana bir yorqin dalilidir.

Zero, ona tili ham har bir millat va davlatning madhiyasi, bayrog‘i va gerbi kabi mamlakat mustaqilligini belgilovchi asosiy mezonlardan biridir.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, sobiq ittifoq davridayoq O‘zbekistonda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi o‘zbek xalqining ma’naviy tiklanish yo‘lidagi buyuk jasorati bo‘lib, davlat mustaqilligiga erishish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Agar sayyoramizda mavjud 7 mingdan ziyod tilning faqat 200 ga yaqiniga davlat tili yoki rasmiy til maqomi berilgani e’tiborga olinsa, o‘zbek tilining siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati naqadar yuksak ekanini anglash qiyin emas.

Mustaqillik yillarida millatimizning qalb ko‘zi sanalgan ona tilimizni rivojlantirish, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy merosni o‘rganish va mamlakatimizning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashi uchun huquqiy asoslar yaratish maqsadida qator qonun, Prezident farmoni va hukumat qarorlari qabul qilindi.

Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi belgilab qo‘yilgan.

Yaratilgan normativ-huquqiy baza o‘zbek tili bilan birga, mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatning o‘z ona tilini rivojlantirish va uni erkin qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishni ham kafolatlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda milliy tillarni rivojlantirish uchun keng sharoit yaratilgani, bugungi kunda yurtimizda ta’lim-tarbiya muassasalari yetti tilda faoliyat yuritayotgani jamiyatimiz hayotida millatlararo ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimizda ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini yanada oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida o‘zbek tili haqqoniy davlat tiliga aylanayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Jumladan, 2018-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonunda davlat tili O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tili ekani aniq belgilab qo‘yilgani ona tilimizning xalqaro maydondagi obro-e’tibori va nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlarini chuqur o‘rganish borasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitish hamda yuqori malakali tilshunos kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. Bu esa, o‘z navbatida, ona tilimizni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangani barcha sog‘lom fikrli insonlarning quvonchiga sabab bo‘ldi.

O‘zbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bag‘ishlab Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Adiblar xiyoboni barpo etilishi xalqimiz tafakkurini yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” tanlovi davlat tiliga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, eng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Tanlovning O‘zbekistonda va chet elda yashovchi fuqarolar, “O‘zbek tili do‘stlari” klublari a’zolari, shuningdek, barcha o‘zbek tilini o‘rganuvchilar o‘rtasida o‘tkazilishi turli millat vakillari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Jumladan, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining hamkorlari bo‘lgan yurtimizdagi 144 ta milliy madaniy markaz, 36 ta do‘stlik jamiyati, shuningdek, 15 ta xorijiy davlatdagi 38 ta vatandoshlar jamiyati a’zolari “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” tanlovida faol ishtirok etmoqdalar.

Bu esa, o‘z navbatida, o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, yurtimizda va xorijda yashayotgan turli millatlarga mansub vatandoshlarimizning ona tilimizni rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shishi uchun teng sharoit yaratib bermoqda.

Xulosa qilib aytganda, mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish, davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar kelajakda milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirish, yoshlarni ona tiliga muhabbat ruhida tarbiyalashda mustahkam poydevor bo‘ladi.

Azamat TOSHEV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo

munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan

do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi.


Print   Email