Movarounnahrga hadis ilmining kirib kelishi

Movarounnahrga hadis ilmining kirib kelishi

Tarixiy manbalarda hozirgi O‘zbekiston hududlari VII asrdan boshlab Movarounnahr nomi bilan tilga olinadi. Bu atamaning kelib chiqishi bevosita islom dinining bu o‘lkaga kirib kelishi bilan bog‘liq. Hadis ilmi vujudga kelgan davrdan boshlab muhaddislar ilm talabida o‘zga yurtlarga safar qila boshladi. Mazkur jarayon Movarounnahr yerlarida hadis ilmining taraqqiy etishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.

Yurtimizning hadis ilmiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Yildirim Boyazid universiteti hamkorligida “Movarounnahrlik muhaddislar va ularning hadis ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari, yurtimizdagi qator ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, olimlar, turli vazirlik, tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Muloqotda turkiyalik hadisshunos olim Ahmad Yildirimning “Hadis ilmi tarixi”, “Movarounnahrlik mashhur muhaddislar”, “Mashhur hadis to‘plamlari va ularga yozilgan sharhlar” kabi ma’ruzalari tinglandi. Qayd etish kerak, professor Ahmad Yildirim “Tasavvuf ta’limotining hadislardagi asoslari”, “Payg‘ambarning oddiy hayoti”, “Din, dunyoviylashish va zuhd” singari asarlar muallifi sanaladi.

— Hadis ilmining rivojlanishida Andalus, Hijoz, Bag‘dod madaniyatlarining xizmati qanchalik katta bo‘lsa, Movarounnahr o‘lkasining ahamiyati ham shundaydir, — deydi hadisshunos olim Ahmad Yildirim. — VIII asrning o‘rtalaridan XV asrning o‘rtalarigacha hadis ilmi bilan Movarounnahrning turli shaharlarida mingdan ziyod roviy muhaddislar shug‘ullangan. X asrga kelib islom dinining sunniylik yo‘nalishiga e’tiqod qiluvchilar orasida eng ishonchli deb tan olingan olti moʻtabar hadis to‘plami — Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” (“Ishonchli hadislar to‘plami”), Muslimning “Al-Jome’ as-sahih”, Abu Dovudning “Sunan” (“Sunnatlar”), Imom Termiziyning “Sunan”, Imom Nasafiyning “As-Sunan al-kubro” (“Ulug‘ sunnatlar”) kabi asarlari yaratildi.

Seminar davomida islom olamidagi “Sihohi sitta” (“Olti ishonchli to‘plam”) nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu olti to‘plamdan uchtasining muallifi — Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasafiylar Movarounnahr diyorida tug‘ilgan muhaddis allomalar ekani alohida ta’kidlandi.

Mazmunli o‘tgan tadbir yakunida professor Ahmad Yildirim ishtirokchilarning mavzu bo‘yicha bergan savollariga atroflicha javob berdi. Mutasaddilar tomonidan hadisshunos olimga ishtiroki uchun sertifikat topshirildi. O‘z navbatida Ahmad Yildirim ham seminar uchun yig‘ilganlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati


Print   Email