Millatlararo hamjihatlik taraqqiyotimizning asosiy omillaridan biridir

Millatlararo hamjihatlik taraqqiyotimizning asosiy omillaridan biridir

Rahmatulla Jabborov,

O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi:

— Prezidentimizning Oliy Majlisga, xalqqa murojaatnomasini to‘lqinlanib tingladim, ikki davrni boshimdan o‘tkazgan bir fuqaro sifatida o‘zimga kerakli xulosalarni chiqardim.

“O‘z tarixini bilmagan xalq o‘z yo‘lidan adashadi” deb aytishadi. O‘zbekiston sobiq ittifoqdosh respublikalar orasida birinchilardan bo‘lib 1991-yilda o‘z mustaqilligini e’lon qildi va suveren mustaqil respublika bo‘lib tarixga kirdi. Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi o‘zining salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, og‘ir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligi hammamizning ko‘z oldimizda turibdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston o‘zining yer osti va yer usti boyliklariga o‘zi ega bo‘ldi.

Ilgari sobiq ittifoq davrida xalqimiz o‘zi ekib yetishtirgan paxtasini chetga sota olmas edi. Ixtiyori o‘z qo‘lida emas edi. Mustaqillik davriga kelib, O‘zbekiston o‘zining boyliklariga o‘zi ega bo‘ldi. Ayniqsa, oxirgi to‘rt yilda paxta xomashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining o‘sishida katta rol o‘ynaydi.

Yaqin o‘tmishda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalari bilan o‘zaro aloqalarimiz deyarli uzilib qolgan edi. Prezidentimizning sa’y-harakati bilan bordi-keldimiz tiklandi. Xalqimizda “Qo‘shning tinch, sen tinch” degan so‘z bor. Yaqin qo‘shni va uzoq davlatlar bilan hamdo‘stlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo-sotiq va madaniy masalalarni hal qilishda katta burilish bo‘ldi. Eng katta boyligimiz – bu O‘zbekistonning ko‘p millatli mamlakat ekanligi, deb aytib kelamiz. Jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhiti mustahkamlanmoqda.

Jamiyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini quvontirmoqda. O‘zbekiston ko‘p yillar davomida dunyodagi yopiq davlatlar qatorida bo‘lib kelgani sir emas. Bugungi kunda O‘zbekistonda jurnalistlar, blogerlarimiz o‘z so‘zlarini ochiq aytadigan muhit yaratildi. Bu esa xalqimizning kelajagi uchun va kami-ko‘stini ro‘y-rost yoritish borasida katta ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan albatta xalqimiz rozi bo‘lmoqda. Oldimizda turgan ustuvor vazifa – O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri uchun poydevor yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytirishdan iboratdir.

Prezidentimizning ta’rifi bilan aytadigan bo‘lsak, rahbarlarimiz ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining yuragidagi dardlari va orzu-niyatlaridan doimo xabardor bo‘lishi, ularga hamfikr bo‘lishi kerak. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalarining rivojlantirilishi davom etmoqda.

Birgina oxirgi yillarda xarobaga aylangan Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Manas” qishlog‘i atigi 45 kun ichida shahar tipidagi hamma infratuzilmalari mavjud bo‘lgan bir go‘shaga aylantirildi. Yoki bo‘lmasa barcha viloyatlardagi maktabgacha ta’lim, maktablar, sport zallari, o‘rta-maxsus va oliy ta’lim muassasalari to‘liq qayta ta’mirlandi, Sog‘liqni saqlash sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bularning hammasi xalqimiz uchun xizmat qiladi.

Bugungi kunda yurtimizda eng dolzarb va muhim masalalardan biri – yoshlarimizni mamlakat koriga yaraydigan bilimli, vatanparvar avlod qilib tarbiyalashdir. Bunga yurtimizda hamma shart-sharoit yaratilgan va yoshlarimiz bundan albatta o‘zlariga xulosa chiqarib, “Kelajak bizniki” va “Biz yangi O‘zbekistonni quramiz” degan shiorlar g‘oyasini o‘zlariga singdirib olishlari va unga to‘liq amal qilishlari lozim, deb o‘ylayman.

Manba: “O‘zbekiston ovozi” gazetasi,

2021-yil 06-yanvar, 1-son


Print   Email