Mavjud salohiyatdan to‘la foydalanish turizmni iqtisodiyot lokomotiviga aylantiradi

Mavjud salohiyatdan to‘la foydalanish turizmni iqtisodiyot lokomotiviga aylantiradi

O‘zbekiston boy tarixi va madaniy yodgorliklari, muqaddas qadamjolari bilan jahonga mashhur. O‘zining ko‘p ming yillik taraqqiyoti davomida Vatanimiz siyosiy, madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy, geosiyosiy salohiyati jihatidan dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shib kelgan.

Mamlakatimizda ilm-fan va islom diniga ulkan hissa qo‘shgan shaxslarga doir tabarruk maskanlarning ko‘pligi xorijlik sayyohlarni ziyorat maqsadida yurtimizga qiziqishini yanada orttirmoqda. Zero, O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyoning 10 ta yetakchi mamlakatlari qatoridan o‘rin egallagan. Yurtimizda turistlarni o‘ziga jalb qiladigan 8,3 mingdan ziyod madaniy meros obyekti mavjudligi hamda ularning 200 dan ortig‘i UNESCO tashkiloti ro‘yxatidan o‘rin egallaganligi mamlakatimiz turistik salohiyatining yuqoriligi va imkoniyatlarining kengligiga ishoradir.

Yurtimizda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun iqtisodiyotning strategik sektori sifatida turizm, xususan, ziyorat turizmini jadal rivojlantirishga xizmat qiluvchi qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, O‘zbekistonning turizm sohasidagi imijini dunyoga namoyon etish dolzarbdir.

Keyingi yillarda ziyorat turizmini umumiy turizmning bir tarmog‘i sifatida rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini shakllantirish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz maqbaralari obod qilinib, u yerlarda masjid va madrasalar, ziyoratchilar uchun qulay mehmonxonalar qurilib, ular atrofida bog‘lar barpo etildi.

Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada faollashtirishda muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Ushbu farmon respublika turizm bozorida mahsulot va xizmatlarni diversifikatsiya qilishni, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul, qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashni nazarda tutadi.

O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida e’tirof etilishi umumiy ma’noda mamlakatda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga bog‘liq. Mazkur farmon bilan turizm infratuzilmasini kelgusida ravnaq toptirish bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilangan. Xususan, tegishli mas’ul rahbarlar va soha mutasaddilari oldiga ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida hududiy turistik yo‘nalishlar bo‘yicha avia va temir yo‘l qatnovlari sonini oshirish, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish, turistik safar xarajatlarini subsidiyalash tartibini ishlab chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Ma’lumki, 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi jahon mamlakatlari turistik sektorida chuqur inqiroz yuz berishiga olib keldi. Mamlakatimizda ham pandemiyadan keyingi davrda turizmni tiklash, sohaga investitsiyalar jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, keyingi yillarda ziyorat turizmini rivojlanishini inobatga olgan holda kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini oshirish, pirovardida, turizmni iqtisodiyotning lokomotiv sohalaridan biriga aylantirish masalasi oldimizda turgan eng dolzarb vazifadir. Mavjud inqiroz holatini inobatga olgan holda, sohani qayta tiklash maqsadida 2020-yilda turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalariga berilgan imtiyoz va preferensiyalar muddati 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.

Musulmon sayyohlarning alohida xususiyati shundan iboratki, ularning ziyorat qilishi uchun diniy qadamjolarning o‘zi yetarli emas. Sayyohlarni jalb qilish uchun targ‘ibot ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilishi, qulay viza tartibi, aeroport, mehmonxonalarda ibodat amallarini bajarish uchun sharoit bo‘lishi kerak. Farmon bilan aynan shu vaziflarni o‘z ichiga olgan qator reja va dasturlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros obyektlarida ichki turizm oqimlarini shakllantirish rejasi, turistlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari dasturi, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston Respublikasining ziyorat turizmi salohiyatini manzilli targ‘ib qilish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.

Sayyohlarni jalb etishning eng asosiy omillaridan yana biri bu tarixiy obidalarni asl holicha saqlashdir. Yevropalik sayyohlar ham, musulmon davlatlaridan kelgan sayyohlar ham zamonaviy osmono‘par binolarga to‘la mamlakatlardan kelishadi. O‘zbekistonning o‘ziga xos jihati tarixiy obidalar o‘zining go‘zal, qadimiy ko‘rinishini saqlab qolganligidir. Shuningdek, farmonda turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiyalash hamda obodonlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish omillaridan bo‘lgan ilmiy asoslangan axborot resurslarini to‘plash, mamlakatda mavjud ma’naviy va moddiy boyliklar tavsifini umumlashtirish, ziyorat turizmi bo‘yicha to‘liq ma’lumot beruvchi integratsion elektron platformani yaratish ilmiy va amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi. Bu vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtirish maqsadida Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi va uning faoliyatini tashkil etish yuzasidan hukumat qarori ishlab chiqish belgilandi.

O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini namoyon etish gid-mutaxassislardan bevosita yetuk til malakasi bilan birga islom diniga oid – islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasi bilan bog‘liq zaruriy bilimlarga ega bo‘lishni talab etadi. Shuningdek, mutaxassis-gid xorijiy ziyoratchilarning qaysi davlatdan ekani, ularning madaniyati, e’tiqodiy qarashlari, mazhabi va tariqatini inobatga olgan holda ziyoratchilar uchun ma’lumotlarni mazmunli va ilmiy asoslangan holda yetkazishi zarur.

Mamlakatimizda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda mazkur farmon bilan 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” (creative industry) magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflar ma’qullandi.

Hozirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ziyorat turizmi yo‘nalishida bakalavr va magistratura ta’limi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yo‘nalishga oid adabiyotlar chop etilib, hujjatli va badiiy kinofilmlar yaratilmoqda, ilmiy-tadqiqotlar olib borilib, dissertatsiyalar himoya qilinmoqda. Akademiya va respublikadagi bir guruh olimlar ishtirokida ziyorat turizmi platformasini yaratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihani aynan farmonda keltirilgan vazifalarni amaliy tatbiqi, deyish mumkin.

Mazkur farmon va ziyorat turizmini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar zamirida O‘zbekistonning jahon mamlakatlari orasida turizm yo‘nalishidagi o‘rnini mustahkamlash, qolaversa, dunyo ahliga yurtimizning naqadar boy tarix va madaniyatga ega ekanini ko‘rsatish maqsadi mujassam.

O‘ktam Jiyanov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi
O‘zA


Print   Email