Masofaviy ta’lim: Finlyandiya tajribasi

Masofaviy ta’lim: Finlyandiya tajribasi

Bugungi kunda ta’lim tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu borada xorijiy tajribani puxta o‘rganish va to‘plangan boy tajribani amaliyotga tatbiq etish — davr talabi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Chet tillari” kafedrasi tashabbusi bilan finlyandiyalik xalqaro ekspert — Natalya Gromova ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi. Unda Akademiya “Chet tillari” kafedrasi o‘qituvchi va talabalari bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jahon tillari, Toshkent davlat yuridik hamda Qarshi davlat universitetlari o‘qituvchi va talabalari ham faol ishtirok etdi.

Finlyandiya hamjamiyatining eksperti, Tampere shahar ma’muriyatining “Talent Ambassadors” loyihasi koordinatori hamda “Tampere Expertise Center” ta’lim tashkiloti asoschisi va direktori, xalqaro biznes mutaxassisi — Natalya Gromova seminarda «Пути и методы организации дистанционного обучения во время пандемии» (на примере системы образования Финляндии) “Pandemiya sharoitida masofaviy ta’limni tashkil etish yo‘llari va metodlari” (Finlyandiya ta’lim tizimi misolida)” mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, onlayn muloqotda finlyandiyalik tadbirkor, madaniyat ishlari bo‘yicha “ConnectUz” konsalting kompaniyasining asoschisi,  jamoat arbobi, “Global Dignity Uzbekistan, Global Shapers Tashkent Hub” yoshlar tashabbuslari murabbiyi, yurtdoshimiz Kamila Sultanova ham qatnashdi.

Seminarda ma’ruzachi tomonidan pandemiya sharoitida ta’lim tizimini barqarorlashtirish, masofaviy ta’limni rivojlantirishning bir nechta konsepsiyalari, masofaviy ta’limda talabalar bilan ishlash mexanizmini shakllantirish, onlayn darslarni tashkil etishda professor-o‘qituvchilarning uzluksiz ravishda tajriba oshirishlarini tizimli tashkil etish, zamonaviy interfaol metodlardan foydalanish, talabalarning mustaqil o‘z ustida ishlashi usullari kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Mazmunli o‘tgan seminar davomida “Chet tillari” kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan ham pandemiya sharoitida masofaviy ta’limni tashkil etish bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, 2020/2021 o‘quv yilida mazkur jihatga muhim ahamiyat qaratilgan holda hozirda qizg‘in tayyorgarlik olib borilayotgani aytildi. Yakunda mavzu bo‘yicha tadbir ishtirokchilarining savollariga xalqaro ekspert tomonidan batafsil javob berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email