Markaziy Osiyo — ilm-ma’rifat o‘chog‘i

Markaziy Osiyo — ilm-ma’rifat o‘chog‘i

Dunyo sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan buyuk allomalar beshigi Markaziy Osiyo xalqlari azal-azaldan komil inson tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratgan. Bunga ushbu zaminda tug‘ilib voyaga yetgan buyuk allomalar ijodi-yu jahongir sarkardalarning bunyodkorlik faoliyati yorqin misol.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida IRCICA–Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish xalqaro markazi hamda “Islom tarixi va manbashunosligi–IRCICA” kafedrasi hamkorligida “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlari” mavzusida o‘tgan respublika ilmiy-amaliy onlayn-konferensiyada shu haqda so‘z bordi.

Konferensiyada IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori, professor Xalit Eren, markaz professori, tarix fanlari doktori Ashirbek Mo‘minov, O‘zR FA San’atshunoslik instituti Tasviriy va amaliy san’ati bo‘limi mudiri, akademik Akbar Hakimov, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, akademik Dilorom Yusupova, O‘zR FA Tarix instituti “Etnologiya va antropologiya” markazi boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Adham Ashirov, O‘zR FA Tarix instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Nigora Rahimjonova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar Agzamxodjayev, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, ilmiy-tadqiqotchilar, o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni “Islom tarixi va manbashunosligi–IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov olib bordi. Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori, professor Shuhrat Yovqochev kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi.

— So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda muqaddas dinimizning asl tinchlik, bag‘rikenglik, insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish, uni turli xurujlardan asrash, ilmiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish tamoyili asosida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda, — deydi Shuhrat Yovqochev. — O‘tgan qisqa vaqt ichida Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

Shundan so‘ng, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Faxriy doktori” Xalit Eren so‘z olib, Markaziy Osiyo xalqlarining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida ma’ruza qildi.

— Islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi natijasida mintaqada san’at, madaniyat va ilm-fan rivojlandi, — deydi Xalit Eren. — Mintaqa turli xil e’tiqod va madaniy o‘ziga xos xalqlarni qabul qildi va ko‘p madaniyatli hayot tajribasiga ega bo‘lib kelmoqda. Markaziy Osiyoda kamolga yetgan allomalar bugungi zamonaviy fanlar — arxitektura, ilohiyot, astronomiya, tibbiyot, falsafa, geometriya, geografiya, huquqshunoslik, tasavvuf fanlari rivojiga katta hissa qo‘shdi. Hududda ko‘plab kutubxonalar, rasadxonalar qurildi. Xususan, Yusuf Xos Hojibning Markaziy Osiyo xalqlari uchun beqiyos ahamiyatga ega, adolatli boshqaruv haqidagi “Qutadg‘u bilig” kitobi yozildi. Al-Farg‘oniyning astronomiyaga oid kitobi ko‘p yillar mobaynida Yevropa ta’lim muassasalarida asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. Forobiy Aristoteldan so‘ng “Ikkinchi muallim” sifatida e’tirof etildi. Ibn Sino tibbiyot ilmini, al-Xorazmiy algebra fanini yangi bosqichga olib chiqdi. Forobiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi  siymolar jahonga tanildi.

Quvonarlisi, bugun ham mazkur jarayon davom etmoqda. IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi barqaror rivojlanib boryapti. Mintaqada ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirib, ilm-fan cho‘qqilarini egallashda bardavom bo‘lishimiz kerak.

Konferensiya davomida “Markaziy Osiyo olimlari va Ibn Kamol-Pasha merosi”, “Markaziy Osiyo zamonaviy san’atida madaniy strategiyalarni shakllanishi jarayoni”, “IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va madaniyat rivojlanishi”, “O‘zbek xalqi turmush tarzida milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unlashuvi”, “XX asr boshida Turkiston davriy matbuotida diniy marosim va bayramlarning aks etishi” hamda “Markaziy Osiyoda millatlararo hamjihatlik madaniyatining asosiy tamoyillari” mavzusida ma’ruzalar tinglandi.

Shuningdek, konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov “Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining tarkibiy tuzilishi”  mavzusida ma’ruza qildi.

— Prezidentimizning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqildi, — deydi Shoazim Minovarov. — Markaz uchun Toshkent shahrida mahobatli inshoot qurilishi boshlangan bo‘lib, shaklan va mazmunan tengi yo‘q mazkur majmuada yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osor-atiqalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etiladigan “Islom san’ati muzeyi”, ulkan fondga ega kutubxona, yirik ilmiy tadqiqotlar markazi, eng zamonaviy usullarda restavratsiya qilish, tiklash va ko‘paytirish bo‘limlari, nashriyot hamda zamonaviy  konferensiya zali tashkil etish rejalashtirilgan.

Konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov “Markaziy Osiyo madaniyati tarixiga oid manbalarda kutubxonalar haqida ma’lumotlar” mavzusida ma’ruza qildi.

— O‘rta asrlarda mintaqa shaharlarida ko‘plab kutubxonalar faoliyat ko‘rsatgan, — deydi Shovosil Ziyodov. — Kutubxonalar asos e’tibori bilan uch xil – saroy, masjid va madrasalar hamda sulolaviy-xususiy kutubxonalarga ajratilgan. Ushbu ziyo dargohlarida kitoblar uyga berilgan yoki kutubxonaning o‘zida foydalanilgan. Kitoblarni boshqa shaharga olib chiqish yoki sotish qat’iyan man qilingan. Kutubxonalarda saqlanayotgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi ko‘plab allomalarning qo‘lyozma asarlari mintaqa xalqlarining ilm olishi, madaniyati shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sanaladi. Mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlari, alloma va olimlar hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning merosini tadqiq etish dolzarb masalaga aylangan. Konferensiyada Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyati hamda yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi.

Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, unda respublikamizdagi taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari o‘zining ifodasini topdi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan onlayn-anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirishga kelishib olindi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda  yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email