Manbalar ustida tadqiqot olib borishning zamonaviy usullari

Manbalar ustida tadqiqot olib borishning zamonaviy usullari

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Manbalar ustida tadqiqot olib borishning zamonaviy usullari” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish — IRCICA tashkilotining “Ilmiy tadqiqot va nashrlar” bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari doktori Ashurbek Mo‘minov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Shuningdek, yurtimizdagi qator ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, manbashunos olimlar, turli vazirlik, tashkilot va idoralar vakillari hamda talabalar qatnashdi.

Seminarda mahalliy va xalqaro anjumanlar yakunlari bo‘yicha chop etilayotgan ilmiy risolalar ko‘lamini oshirish, sohada hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish, ilm-ma’rifat va malakali kadrlarni tarbiyalash, manbalar ustida tadqiqot olib borishda zamonaviy usullardan unumli foydalanish, ta’lim muassasalarining pedagogik jamoalari o‘rtasida raqobatbardoshlik kabi masalalar muhokama qilindi.

Tarix fanlari doktori Ashurbek Mo‘minov o‘z ma’ruzasida ilmiy tadqiqot ishlarining tartib-qoidalari va ularga qo‘yiladigan talablar, xalqaro ilmiy-amaliy jurnallarga taqdim etilayotgan maqolalar bilan birgalikda muallifning bilim, salohiyatiga ham e’tibor qaratilishi, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotining o‘ziga xos yangi talablariga mos bo‘lish bilan birga asriy va zamonaviy bilimlarni puxta egallash kerakligini ta’kidladi.

— Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bir davrda yashayapmiz, — deydi olim Ashurbek Mo‘minov. — Har bir soha vaqt o‘tgan sayin zamonaviy metodlar bilan rivojlanib borishni talab etadi. Bunda ustozlardan olgan bilim hamda yillar mobaynida to‘plagan hayotiy tajriba muhim ahamiyatga ega.  Albatta, har bir sohaning taraqqiyotida zamon bilan hamnafas iqtidorli yoshlarning o‘rni muhim. Ularni tarbiyalashda esa nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ustoz pedagoglarning xizmati katta. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham bu borada katta potensialga ega ta’lim muassasalaridan biri. O‘ylaymanki, diyorimizdan kamolga yetgan buyuk allomalarning hali to‘liq tadqiq etilmagan ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, keng jamoatchilik, dunyo ahliga yetkazishda yosh olimlarning oldida dolzarb vazifalar turibdi.

Darhaqiqat, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi dunyo e’tirof etgan ulug‘ mutafakkir allomalar tug‘ilib voyaga yetgan ona zaminimizda kelgusida ham ularga munosib ilm-ma’rifatli vorislar kamolga yetishi shubhasiz.

Seminar davomida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalaridagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan yosh olimlarni tarbiyalash, hukumat tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanish, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, manbalardan foydalanish tartib-qoidalaridan xabardor bo‘lish, o‘z ustida muntazam ishlash, tanqidiy-tahliliy yondashuvga ega bo‘lish, o‘rganilgan tadqiqot jarayonida yangi topilmalarni kashf qilish kabi masalalar haqida ham suhbatlashildi.

Sohada mavjud muammolar, tadqiqotchilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, manbalar bilan ishlash jarayonlarining buzilishi va oldini olish hamda ularga yechim bo‘lib xizmat qiladigan qimmatli taklif, tavsiya, ma’lumotlarni ma’ruzachi ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi.

Mazmunli o‘tgan seminar yakunida Akademiya professor-o‘qituvchilari yurtimizda manbalarni o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashkil etilayotgan fondlar faoliyatiga to‘xtalib o‘tishdi. Ishtirokchilarning mavzu bo‘yicha bergan savollariga tarix fanlari doktori Ashurbek Mo‘minov atroflicha javob berdi. Akademiya jamoasi, tadbir qatnashchilari mazmunli o‘tgan seminar uchun doktori Ashurbek Mo‘minovga o‘z minnatdorchiliglarini bildirishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email