"Islom ensiklopediyasi"ning mukammal, keng qamrovli va ko‘p jildli nashrining ilk to‘plami nashrga tayyorlandi

"Islom ensiklopediyasi"ning mukammal, keng qamrovli va ko‘p jildli nashrining ilk to‘plami nashrga tayyorlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan mukammal, keng qamrovli va ko‘p jildli "Islom ensiklopediyasi"ning ilk tomi nashrga tayyorlandi.

Yurtimizda «Jaholatga qarshi ma’rifat» ulug‘vor g‘oyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan yurtimizning islom sivilizatsiyasi rivojidagi yuksak o‘rni va ahamiyatini ilmiy asosda chuqur o‘rganish hamda xalqimizga yetkazish maqsadida ko‘p jildli «Islom ensiklopediyasi»ni yaratishga kirishildi.

Ushbu loyiha Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tybdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyuldagi "O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida bajarilmoqda.

«Islom ensiklopediyasi» keng qamrovli ilmiy-akademik nashr bo‘lib, uning birinchi tomini tayyorlashda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda yurtimizning boshqa yetakchi islomshunoslari, shu bilan birga AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Jazoir, Rossiya, Qozog‘iston olimlari ham ishtirok etdi. Unda islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, sahoba va tobe’inlar, muhaddis, faqih, mufassirlar haqida 1000 ga yaqin maqola, atama va so‘z birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda chizmalar o‘rin olgan. Ayrim shaxslar, voqealar, atamalar ilk marta ilmiy muomalaga kiritildi.

Ensiklopediya o‘zining mazmun-mohiyati va xususiyatlaridan kelib chiqib, ilgari chop etilgan arab, tyrk, urdu, fors, ingliz, nemis, fransuz tillaridagi islom ensiklopediyalaridan prinsipial farq qiladi. Kitobni tayyorlashda yurtimiz va mintaqa musulmonlari uchun an’anaviy bo‘lgan xanafiy-moturidiylik tamoyillaridan kelib chiqilgan. Ayni damda maqolalar yozilishida ilmiylik va xolislik mezonlariga amal qilingan. Maqolalarning akcariyat qismi birlamchi manbalar - Qur’on, tafsir, Hadis, ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlarga asoslangan.

Nashr ishlarida yurtimiz va xorijlik islomshunoslar, dinshunos, filolog, manbashunos va boshqa soha vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq muallif, 50 nafarga yaqin taqrizchi va maslahatchi ishtirok etdi. «Islom ensiklopediyasi»ni 20 tomda nashrdan chiqarish mo‘ljallangan bo‘lib, uning navbatdagi jildlari bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

N.Usmonova


Print   Email