Ish o‘rinlari taklif etildi

Ish o‘rinlari taklif etildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2020-2021 o‘quv yilidagi bitiruvchilarni ishga joylashtirishni tashkil etish maqsadida ish beruvchi tashkilot vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Shu maqsadda bugun Akademiyada “Yoshlar – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” shiori ostida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda ham shu haqda so‘z bordi.

Unda akademiyaning Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi), Tarix (Islom tarixi va manbashunosligi), Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Informatika va axborot texnologiyalari bakalavriat bitiruvchilari; Lingvistika (arab tili), Psixologiya (Din psixologiyasi), Islom tarixi va manbashunosligi, Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik, Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar, Ijtimoiy tizimlar va jarayonlarining axborot va psixologik xavfsizligi, Turizm (ziyorat turizmini tashkil etish va boshqarish) magistratura yo‘nalishlari bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev kirish so‘zi bilan boshlab, yoshlar bandligini ta’minlash davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining dolzarb va uzoq muddatli vazifasi hisoblanishini ta’kidladi. Mehnat bozorida yoshlar uchun ijobiy muhitni yaratish jamiyatning rivojlanishga ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi.

Shundan so‘ng “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Ashirali Abdirashidov, “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov so‘zga chiqib, akademiyada yaratilgan sharoitlar, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlik borasida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Tadbirning ikkinchi qismida 30 dan ziyod ish beruvchi tashkilot vakillari bilan talaba-yoshlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. O‘g‘il-qizlar o‘zlarining ixtisosliklari bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan mutasaddilarga murojaat qilib, ish beruvchi tashkilot haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, tadbir davomida Akademiya faoliyati, ilmiy salohiyati hamda joriy yilgi bitiruvchilarining qay darajada o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lganliklarini aniqlash maqsadida ish beruvchi tashkilot vakillari ishtirokida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. Tomonlar o‘rtasida talabalarni ishga joylashtirish bo‘yicha maqsadli kelishuvlarga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, Akademiyadagi boshqa yo‘nalish talabalari uchun mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirish tadbiri 6-fevral sanasida ham bo‘lib o‘tgan edi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email