Inson – aziz, xotira – muqaddas!

Inson – aziz, xotira – muqaddas!

XOTIRA BOR EKAN — MILLAT BARHAYOT

Ajdodlarga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. Inson aziz va mukarram ekan xotira va qadrlash tushunchasi chuqur ma’noga egadir. 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Zero, inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. O‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlar sanaladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti “Al-Azhar” kafedrasi hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi bilan hamkorlikda “Inson – aziz, xotira – muqaddas!” nomli xotira tadbiri tashkil etildi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan davra suhbatida Akademiyada bir necha yil davomida faoliyat olib borgan, yoshlarga bilim cho‘qqilarini egallashda ko‘mak bergan jonkuyar ustozlar yod etildi.

Xotira tadbirini “Arab tili va adabiyoti “Al-Azhar” kafedrasi mudiri Akbar Kazakbayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov inson – aziz, xotira – muqaddas ekanligini ta’kidlab, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Davra suhbati davomida marhum ustozlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Talabalar tomonidan o‘qilgan she’rlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. So‘zga chiqqanlar kafedrada uzoq yillar mobaynida salmoqli mehnat qilgan professor-o‘qituvchilar haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishdi.

Uchrashuv yakunida samimiy va mazmunli o‘tgan tadbir uchun yig‘ilganlar tomonidan mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email