Inson – aziz, xotira – muqaddas

Inson – aziz, xotira – muqaddas

Munosabat 

Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilinganidan soʻng tarixiy haqiqat va adolatni tiklash boʻyicha olib borilgan ishlar eng avvalo, Vatan va xalq ozodligi yoʻlida jonini fido etgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishda namoyon boʻldi.


2002-yil 31-avgustda Toshkent shahri Yunusobod tumanida tashkil etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida ozodlik va mustaqillik uchun kurashgan va oʻz jonini ayamagan fidoyilar xotirasini yod etish maqsadida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi. Muzey ekspozitsiyalarining gʻoyaviy asosini ziyoratga kelgan har bir vatandoshimizning qalbi va ongiga vatanparvarlik, oʻz xalqiga muhabbat va sadoqat hissini singdirish, hozirgi kunlarning qadriga yetish, qatagʻon qurbonlari xotirasiga nisbatan yuksak hurmat va ehtirom tuygʻusini tarbiyalash tashkil etadi.
 
Oʻtgan davr mobaynida muzeyning ilmiy ekspozitsiyasini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mavzuga bevosita daxldor boʻlgan 150 dan ziyod arxiv hujjatlari, 100 dan ortiq tarixiy fotosurat, 100 ga yaqin ashyoviy buyumlar, 175 ta kitob, koʻplab vaqtli matbuot nashrlarining namunalari izlab topildi va ular muzey ekspozitsiyasidan oʻrin egalladi.
 
Barcha viloyatlarda Qatagʻon qurbonlari muzeyining boʻlimlari ochildi. Qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan yangi-yangi kitoblar, filmlar yaratilmoqda.
 
Mamlakatimiz tarixining soʻnggi 130-yillik fojiali davrini, chor Rossiyasi va sovet hukmronligi yillarida amalga oshirilgan siyosiy qatagʻonlarning maqsad-mohiyatini ochib berishga qaratilgan 50 ga yaqin kitob va risola chop etildi, ommaviy axborot vositalarida turkum maqolalar eʼlon qilindi. Qator telekoʻrsatuvlar va hujjatli filmlar tayyorlanib, efir orqali namoyish etildi. Bu yoʻnalishdagi ishlar muntazam davom ettirilmoqda.
 
 
Shuningdek, soʻnggi yillarda Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Isʼhoqxon Ibrat va boshqa maʼrifatparvarlar xotirasiga bagʻishlab muzeylar, Toshkentdagi “Adiblar xiyoboni"da muazzam haykallar yaratildi.
 
Davlatimiz rahbari 2020-yil 31-avgust kuni “Qatagʻon qurbonlari muzeyi”ga tashrifi chogʻida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqotda: “Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilgʻor ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatagʻon qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan boʻlar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz”, – dedi Prezident.
 
Shuningdek, muzey faoliyatini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan koʻrib chiqish, oʻtgan davr mobaynida qatagʻon mavzusini ilmiy oʻrganish borasida amalga oshirilgan ishlarni, yangi topilgan maʼlumot va faktlarni keng yoritish, tariximizning ana shunday fojiali sahifalari haqidagi xaqiqatni jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga xolis va haqqoniy asosda yetkazish zarurligi toʻgʻrisida konseptual fikrlar bildirdi. “Qatagʻon qurbonlari muzeyi”ni milliy gʻoya asosida taʼsirchan tarbiyaviy maskanga aylantirish maqsadida tegishli sharoitlar yaratish, xususan, muzeyning ilmiy ekspozitsiyasini yangitdan shakllantirish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga qator vazifalar koʻyildi.
 
Yuqorida aytilgan taklif va vazifalarni hisobga olgan holda, 2020-yil 8-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi eʼlon qilindi.
 
 
Bu farmoyishda quyidagi muhim fikr bildirilgan: “Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy oʻzlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatagʻon qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi boʻlgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Bu boradagi tarixiy maʼlumotlarni xolis va haqqoniy oʻrganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday ogʻir va mashaqqatli kurashlar bilan qoʻlga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligini yana-da chuqur anglashga xizmat qiladi”.
 
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining fidoyi farzandlari, maʼrifatparvar ajdodlari hayoti va faoliyati bilan bogʻliq haqiqatni toʻla yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash ham maqsad qilib olingan. Farmoyishda qatagʻon qurbonlari merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirish uchun turli ilm-fan, taʼlim, maʼnaviyat va maʼrifat ishlari bilan shugʻullanadigan masʼul tashkilotlarga keng qamrovli taklif va vazifalar berilgan. Shulardan ayrim vazifalarni bajarishda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi ham oʻz hissasini qoʻshishi mumkin. Masalan:
 


– qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida akademiya kutubxonasida Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi ulugʻ maʼrifatparvarlarga bagʻishlangan xotira burchagini tashkil etish;
 
– xorijdagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik oʻrnatgan holda, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish;
 
– qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq etish, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar yaratish;
 
– “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan gʻoya asosida barcha tuman, shahar va mahallalarda aholi, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning koʻrsatgan jasorati va ibratli faoliyatlarini targʻib etishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini tashkil etish.
 


Shunday qilib, oxirgi yillarda yangi Oʻzbekistonni barpo etishda tarixiy adolat va haqiqatni tiklash ishlari bir necha yoʻnalishda olib borilmoqdaki, shu yoʻnalishlardan biri qatagʻon qurbonlarining merosini tiklash, yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishdir.
 
Saidakbar AʼZAMXOʻJAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 
professori, tarix fanlari doktori.
 

Print   Email