Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida xalqaro foto ko‘rgazma o‘tkazildi

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida xalqaro foto ko‘rgazma o‘tkazildi

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida turkiyalik mashhur fotograf O‘rxan Durgutning “Musulmon dunyosi tarixiy shaharlari” nomli xalqaro foto ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyat hokimligi vakillari, viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi malaka oshirish markazi, Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining ustoz-talabalari hamda boshqa mehmonlar ishtirok etishdi.

Ko‘rgazmada markaz direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sh.Umarov so‘zga chiqib, tadbir mamlakatlar, madaniyatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni o‘rnatish imkoniyatini berishini ta’kidladi.

O‘rxan Durgut fotoko‘rgazmasida alloma Imom Termiziy ilmiy safarlarda bo‘lgan Makka, Madina, Basra, Kufa, Bag‘dod, Damashq va Quddus shaharlarida bo‘lib, u yerdagi mashhur Islom madaniy meroslarini o‘z ijodida aks ettirgan.

Tadbirda muallif o‘z asarlarida dunyoning 64 ta islom shaharlarida mavjud bo‘lgan tarixiy bino va muqaddas qadamjolarni aks ettirganligini ta’kidlab, loyihani yanada kengroq ko‘lamda olib borilishini bildirdi.

O‘rxan Durgutning foto jamlanmasidan yurtimizning turli tarixiy shaharlarida joylashgan muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy yodgorlik majmualari, Registon ansambli, Shohizinda, Ichan Qal’a, Chor Minor, Minorai Kalon, Xasti Imom kabi mashhur tarixiy obidalar va maqbaralar ham o‘rin olgan.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email