Imom noiblar uchun 2-davra malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi

Imom noiblar uchun 2-davra malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi

Respublikada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xalq orasida ayrim ijtimoiy-ma’naviy, diniy-ma’rifiy tushunchalar to‘g‘risida nosog‘lom ma’lumot shakllanishiga barham berish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga binoan imom noiblar bilan ishlash tizimini jadallashtirish vazifasi belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan respublika masjidlarida faoliyat yuritayotgan barcha imom-noiblarining yot g‘oyalarga raddiya berish, ularni O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari yo‘nalishlarida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish hamda imom noiblar bilan ishlash tizimini jadallashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda imom-noiblar faoliyati uzluksizligini ta’minlash, mahalla miqyosida o‘tkaziladigan diniy tadbir va marosimlarni tizimli tashkil etish maqsadida ular uchun malaka oshirish o‘quvlarni bosqichma-bosqich o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bois respublika miqyosida malaka oshiradigan 1313 nafar imom-noib ro‘yxati shakllantirilib, ular 67 ta guruhga bo‘lindi. Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida 72 soatlik o‘quv rejasi, dasturi, dars jadvali va tinglovchilar kontingenti tayyorlandi.

O‘quvlarning navbatdagi ikkinchi bosqichi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda faoliyat olib borayotgan 204 nafar imom noib uchun tashkil etildi.

Tasdiqlangan dastur asosida tinglovchilarga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati”, “Davlat va din munosabatlarining huquqiy asoslari”, “Axborot iste’moli madaniyatining o‘rni”, “Islom dinida musiqa va san’atga munosabat”, “Milliy qonunchilikda oila va nikoh munosabatlari”, “Mutaassib guruhlar ta’siriga berilishning psixologik asoslari va ularni sog‘lom hayotga qaytarish usullari”, “O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan noislomiy diniy tashkilotlar va ularning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Sof ma’rifiy mazmunga ega bo‘lgan islomiy tushunchalarning g‘arazli maqsadlarda talqin qilinishi” kabi mavzularda o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi.

Dars jadvalida davlat va din munosabatlari, diniylik va dunyoviylikning ratsional uyg‘unligi hamda diniy-ma’rifiy masalalarga oid mavzularga alohida e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlar interfaol pedagogik texnologiyalar asosida tinglovchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirishga qaratilgan ma’ruza va seminar-treninglar tarzida o‘tkazildi.

Tinglovchilarning mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, “Hazrati Imom” majmuasi, “Suzuk ota” ziyoratgohiga sayohatlar tashkil etildi. Imom-noiblar yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar bilan bevosita tanishdi. Shuningdek, tinglovchilar uchun “Imom Termiziy” hamda “Abdulla Avloniy” kabi filmlari namoyish etildi.

O‘quvlar yakunida tinglovchilar olgan bilimlari va o‘z hududlaridagi diniy vaziyat, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar bilan ishlash amaliyoti haqida taqdimot qilib, yakuniy testlarni topshirishdi.

Shundan so‘ng bitiruvchilarga sertifikatlarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari I.Inomov va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi direktori X.Axmedov ishtirok etdi. Imom noiblar uchun “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash asoslari” nomli o‘quv qo‘llanma va o‘tilgan mavzular bo‘yicha tayyorlangan tarqatma materiallar berildi. Tinglovchilarga malaka oshirish o‘quvlarida ishtirok etganliklari haqidagi sertifikat taqdim etildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email