Imom Buxoriy kimlardan saboq olgan?

Imom Buxoriy kimlardan saboq olgan?

Buyuk muhaddis yana bir manbada oʻz vatanida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustoz-shayxdan hadis rivoyat qilganini eʼtirof etib, bu haqda: "Men mingdan koʻp kishidan hadis yozib oldim", degan.

Imom Buxoriy hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etishda u kishining ustozlarini oʻrganish ham foydali. Tarixchilar manbalarda Imom Buxoriyning ustozlari soni haqida qiziqarli maʼlumotlar keltirib oʻtgan. Jumladan, tarixchi Muhammad ibn Abu Hotamning yozishicha, Imom Buxoriy suhbatlarning birida "Bir ming saksonta shayx (ustoz)dan yozganman", deb aytgan. X asrda yashagan isfahonlik olim Muhammad ibn Isʼhoq ibn Manda Isfahoniy (922–1005) Imom Buxoriyning ustozlari haqida maxsus asar bitib, alifbo tartibida ularni nomma-nom keltirgan.

Imom Buxoriy yoshligidan ilm va hadis talabida juda koʻp safar qilgan. Tabiiyki, safarlar u kishining ustozlari safi kengayishiga ham sabab boʻldi. Buyuk muhaddis yana bir manbada oʻz vatanida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustoz-shayxdan hadis rivoyat qilganini eʼtirof etib, bu haqda: "Men mingdan koʻp kishidan hadis yozib oldim", degan.

Dastlab Imom Buxoriyga Buxoroda koʻzga koʻringan muhaddislardan Muhammad ibn Salom Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy, Ibrohim ibn Ashʼas taʼlim bergan. Ular tufayli alloma oʻn olti yoshga yetmay koʻp hadislarni oʻzlashtirgan. Abdulloh ibn Muborakning kitoblarini yod olgan. Shu palladan Buxoriyning noyob qobiliyati va zukkoligi koʻpchilik ulamolar tomonidan yuksak baholana boshladi.

Buyuk muhaddis oʻn olti yoshga yetgach, onasi va akasi bilan haj safariga chiqdi. 825-yili Makkai mukarramaga bordi. Haj ibodatini ado etgandan keyin onasi va akasini Buxoroga qaytarib yuborib, oʻzi Makkada qoldi. U yerda Abu Valid ibn Arzaqiy, Abdulloh ibn Yazid Muqriy, Ismoil ibn Solim Soigʻ, Abdulloh ibn Zubayr Humaydiydan hadis ilmi boʻyicha saboq oldi. Bir muddat yashagandan keyin Madinai munavvara tomon yoʻl oldi. 827-yilda u yerga borib, Ibrohim ibn Munzir, Mutorrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza, Abu Sobit Muhammad ibn Ubaydulloh, Abdulaziz ibn Abdulloh Uvaysiy, Yahyo ibn Qazaa kabi mashhur ulamolardan dars oldi.

Bundan tashqari, Shom, Buxoro, Marv, Balx, Hirot, Naysobur, Ray, Bagʻdod, Basra, Vosit, Kufa, Misr va Jazira kabi shaharlarga safar qilib, mashhur muhaddislardan hadis oʻrgandi.

Imom Buxoriyning muhaddis tabaqalari boʻyicha ham ustozlari koʻp. Bu haqda Abulfazl Maqdisiy va boshqa ulamolar bunday degan: "Imom Buxoriy "Sahihul Buxoriy"da keltirgan hadislarni besh tabaqa ustozlaridan olgan.

Birinchi tabaqa: Imom Buxoriy bilan hadisni rivoyat qiluvchi tobein orasida faqat bir rivoyatchi bor, xolos. Ulardan biri Muhammad ibn Abdulloh Ansoriydir. Imom Buxoriy u orqali Humayddan, u Anasdan rivoyat qilgan.

Makkiy ibn Ibrohim va Abu Osim Nubayl ham birinchi tabaqaga kiradi. Imom Buxoriy ular orqali Yaziyd ibn Abu Ubayddan, u Salama ibn Akvadan rivoyat qilgan.

Ulardan yana biri Ubaydulloh ibn Musodir. Imom Buxoriy u orqali Maʼrufdan, u esa Abu Tufayl va Alidan rivoyat qilgan.

Ikkinchi tabaqa: Tobeinlardan hadis olgan mujtahid imomlardan rivoyat qiluvchi kishilar.

Ular quyidagilar:

Hijozliklardan – Ibn Jurayj, Molik, Ibn Abu Ziʼb, Ibn Uyayna.

Shomliklardan – Shuayb, Avzoiy va ikkisining tabaqasidagilar.

Iroqliklardan – Savriy, Shoʻba, Hammod, Abu Avona, Hammod.

Misrliklardan – Lays, Yaʼqub ibn Abdurrohman va boshqa juda ham koʻp kishilar.

Uchinchi tabaqa: Imom Buxoriy oʻzlarini koʻrgan boʻlsa ham ulardan hadis eshitmagan kishilar. Bu tabaqaga Yazid ibn Horun va Abdurrazzoq misol boʻladi.

Toʻrtinchi tabaqa: Imom Buxoriyning tengdoshlari boʻlib, ular orqali oʻz ustozlarining rivoyatlarini olgan. Bularga Abu Hotim Muhammad ibn Idris misol boʻladi.

Beshinchi tabaqa: Sanadni bilishda, yosh, vafot va maʼrifatda Imom Buxoriydan keyin turadigan kishilar. Ularga Abdulloh ibn Hammod Omuliy va Husayn Qabboniy misol boʻladi. Maqdisiyning aytishicha, Imom Buxoriyning oʻzlari: “Muhaddis toki oʻzidan yuqori, oʻzi tengi va oʻzidan kichiklardan rivoyat qilmaguncha komil boʻla olmaydi”, degan.

Imom Buxoriyning ushbu soʻzidan maʼlum boʻladiki, inson ustozning yoshi katta yo kichikligiga qaramasdan undagi ilmni olmogʻi har bir kishidan talab qilinadigan zarur ishdir. Bu oʻrinda keltirilgan maʼlumotlarda buyuk alloma hadis eshitgan roviylarning bir qismigina keltirildi, xolos. Aytilganidek, ularning umumiy soni mingdan oshadi. Bu esa buyuk muhaddis hadis ilmiga, hadis yozib qoldirishga qanchalar katta masʼuliyat bilan yondashganidan dalolat beradi.

Otabek BAHRIYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

Manba: yuz.uz


Print   Email