Ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik markazi

Ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik markazi

Mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

So‘nggi yillarda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy sohada bir qator islohotlar va ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Turli konfessiyalar vakillari uchun bir xil sharoitlar yaratilib, vijdon erkinligi barcha uchun kafolatlangan. Sifatli diniy ta’lim olish imkoniyatlari kengaymoqda.

Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktablar o‘z faoliyatlarini boshladi. Yurtimizning deyarli barcha hududlarida 10 dan ortiq islomiy ta’lim muassasalari ochilgan.

Milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, islom dinining asl-mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning ilmiy asarlarini o‘rganish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash yo‘lida Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari o‘z faoliyatlarini olib bormoqda.

 Prezident Sh.Mirziyoyev shu yilning yanvar oyida parlamentga yo‘llagan murojaatida “jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini mamlakatimizda targ‘ib etish lozimligiga to‘xtalgandi.

Bu yo‘nalishda milliy urf-odat va qadriyatlarimizni tiklash, islom dini ulamolarimizning boy merosini teran o‘rganish, ularning qadamjolarini obod qilish, tarixiy obidalarni asrash kabi ishlarni amalga oshirish belgilangandi. Jumladan, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchilarining hayoti hamda ilmiy meroslarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.

 Xususan, 2020 yil 11 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori moturidiya ta’limoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning shogirdlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini hamda ularning islom dini ravnaqiga qo‘shgan hissasini o‘rganishda beqiyos ahamiyatga egadir.

Shu bilan birga Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tashabbuslarini hayotga tatbiq etilayotganidan dalolat beradi. Xususan, ana shunday tashabbuslardan biri bo‘lgan va 2018 yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasida ham mazkur jihatlarga alohida e’tibor beriladi. Unda ma’rifatparvarlik g‘oyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va o‘zaro anglashuvning nechog‘li muhimligi e’tirof etiladi.

Ahamiyatli jihati, Moturidiya aqidasi Qur’on, hadis va aql-idrok, mantiq va haqiqatga yaqin ekani bilan boshqa ta’limotlardan ajralib turadi. Abu Mansur Moturidiy o‘z ta’limotida islomda o‘ta muhim bo‘lgan bag‘rikenglik, moʻtadillik va insoniylikni targ‘ib qiladi. Islom olamidagi yuksak xizmatlari uchun Imom Abu Mansur Moturidiyga musulmonlar tomonidan oliy unvonlar berilgan.

Jumladan, o‘rta asrlarda turli firqa va toifalar o‘zlarining buzg‘unchilik harakatlari bilan ahli sunna val jamoa mazhabiga tahdid solganida Imom Abu Mansur Moturidiy uning himoyasiga turgani uchun “Musahhihu aqiydata ahlis-sunna”, ya’ni “ahli sunna aqidasini to‘g‘rilovchi” unvon berilgan. Bundan tashqari, Moturidiyni ulug‘lab “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar. Darhaqiqat, Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan diniy arboblardan hisoblanadi.

Shu bois, joriy yilning 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiyada 20 yaqin davlatdan tashrif buyurgan diniy ulamolar, islom olamining yetuk olim va mutaxassislari moturidiya ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib etish bugungi kun uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida e’tirof etishgan edi.

Afsuski, Abu Mansur Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham xorijdagi kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. Shuning uchun Prezidentning mazkur qarori yangi tashkil etilayotgan Markaz oldiga xorijiy davlatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan buyuk allomamizning islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan meroslarini O‘zbekistonda to‘plash va kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish vazifasi qo‘yilganligi ham bejizga emas.

Shuningdek, Prezident qarorida ta’sis etilgan Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyasi moturidiy ta’limoti bilan bog‘liq o‘rganishlarni amalga oshiruvchi xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun juda muhim rag‘batlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qiladi.

Umuman olganda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi bevosita Imom Moturidiy va uning izdoshlarining ilmiy merosini tiklash, o‘rganish, o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi.

Kelgusida Markaz faoliyati “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalashda, hamda islom olamida mutaassiblik va aqidaparastlik g‘oyalarini tarqalishining oldini olishda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.

Samariddin SATTOROV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

bosh ilmiy xodimi


Print   Email