G‘alaba bog‘i – o‘zbek xalqi mehribonligi va saxovati sharafiga qad rostlagan majmua

G‘alaba bog‘i – o‘zbek xalqi mehribonligi va saxovati sharafiga qad rostlagan majmua

9-may - Xotira va qadrlash kuni

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o‘limi, mislsiz yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan mash’um voqea sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.

O‘zbekiston xalqining ham ushbu qora kunlar bilan bog‘liq og‘riqli xotiralari bor. Xalqimiz haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi.

Bugun mamlakatimizda 400 ga yaqin urush faxriysi umrguzuronlik qilmoqda, ulardan 40 dan ortig‘i 100 yoshdan oshgan nuroniy zotlardir.

Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston janglar davom etayotgan hududlardan ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga oldi. Ularning og‘ir damlarida beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.

Xalqimizning tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati barchamizning qalbimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.

Shuning uchun mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi va 2019-yil 23-oktabrdagi «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Toshkent shahrining Olmazor tumanida «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi hamda uning hududida «Shon-sharaf» davlat muzeyi bunyod etildi.

«G‘alaba bog‘i» memorial majmuasi millionlab kishilar uchun muhim bo‘lgan 9-may sanasida tantanali ravishda ochildi. Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

O‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixini, ona xalqimizning qahramonligini yaxlit aks ettirgan ushbu majmua xalqimizning yillar davomidagi orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan.

O‘zbekiston Prezidentining g‘oyasi va tashabbusi bilan innovatsion texnologiyalar asosida, O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ekspozitsiyalari xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

«G‘alaba bog‘i»ning umumiy maydoni 14,6 gektar. Majmua ramziy 12 ta hududga bo‘lingan bo‘lib, kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, harbiy texnikalar maydonchalari, temir yo‘l vokzali, front orti hududi, amfiteatr va ma’muriy bino, motam va anduh hududi, shodu xurramlik hududi, g‘alaba hududi, «Shon-sharaf» davlat muzeyi va shukronalik hududidan tashkil topgan.

Bog‘da urush va uning oqibatlari, urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan majmuada o‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar, O‘zbekiston xalqining front va front ortida ko‘rsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qayg‘u-alami, shuningdek, erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi ifodalangan.

Bog‘ning «Matonat madhiyasi» majmuasida butun o‘zbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirova va uning urushda halok bo‘lgan besh o‘g‘lining vafodor rafiqalari aks etgan.

«Ko‘z yoshi» majmuasi urushning mudhishligi, millati va dinidan qat’i nazar, barcha odamlar birligi ramzini ifodalaydi.

«Shon-sharaf» davlat muzeyining yuqori qismida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar o‘zbekistonlik qahramon sharafiga ekilgan daraxtlar, shuningdek, «Mangu jasorat» deb nomlangan majmuada afsonaviy o‘zbek generali Sobir Rahimov va barcha o‘zbekistonlik botir jangchilarning so‘nmas xotirasi ifodalangan. Bu majmua yurtimizda tarbiya topgan qo‘rqmas, mard va jasur, matonatli sarkardalar, jangchilardan faxrlanish, jasoratidan doimo ibrat olish, dunyodagi eng buyuk xalqlardan biri ekanimizni his qilish, vatandoshlarimizda shu zamin, shu yurt farzandi ekanligidan g‘urur, faxr-iftixor tuyg‘ulari uyg‘onishiga xizmat qiladi.

«G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi huzurida Ilmiy markaz faoliyat yuritmoqda. Markaz faoliyati Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan va halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini tiklashdan iborat.

- Bugungi kunda Markaz ilmiy jamoasi tomonidan Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ikki millionga yaqin (qariyb 1 million 951 ming kishi) mard o‘zbekistonliklardan 1 million 100 ming nafari haqidagi ma’lumotlar to‘liq tiklandi, - dedi majmua rahbarining o‘rinbosari, «Shon-sharaf» davlat muzeyi direktori Muxtorjon Shokirov. – Ushbu yo‘nalishdagi izmiy izlanishlarga mamlakatimizning qator vazirliklari, Fanlar akademiyasi, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar jalb etildi. Shuningdek, «Bobomni izlayman» loyihasi tashkil etildi. 75 yil davomida biz fashizmga qarshi kurashlar haqidagi bir xil ma’lumotlarni takrorlab keldik. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilgan qayta o‘rganishlar natijasida O‘zbekistondan urushda qatnashganlar haqidagi ma’lumotlar qayta aniqlashtirilmoqda. Biroq bu ham oxiri emas. Urushning dastlabki yillari respublikamiz hududidan frontga deb hujjatlari rasmiylashtirilmasdan minglab yigitlar mashinalarga ortib olib ketilgan. Bugun ana shunday holatlar ham yuzaga chiqayapti.

Frontda halok bo‘lgan vatandoshlarimiz haqidagi ma’lumotlarni topish maqsadida Rosssiya, Belarus, Polsha, Avstriya, Isroil, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi. Ular bizga o‘zbek jangchilari haqidagi yangi ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Bugungi kunda 301 nafar Sovet Ittifoqi qahramoni va «Shuhrat» ordenining to‘liq kavaleri bo‘lgan 70 dan ortiq yurtdoshimizning jasorati va jangovor yo‘lini o‘rganish bo‘yicha ilmiy izlanishlar davom etmoqda. O‘z navbatida, biz ham xorijiy mamlakatlardan respublikaga olib kelinganlar haqida ma’lumotlarni to‘plab, hamkorlarimizga taqdim etayapmiz. Masalan, ana shunday izlanishlar natijasida Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakatimizga olib kelingan 50 mingga yaqin yahudiylar haqidagi raqamlarga oydinlik kiritildi.

Har bir yurtdoshimiz «Shon-sharaf» davlat muzeyiga kirar ekan, bu yerdagi eksponatlarni ko‘rib qalbi hayajonga to‘ladi. Mazkur majmua bizni bugungi tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmon, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanini, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burchligini anglatadi.

Mamlakatimizda urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xususan, Ikkinchi jahon urushi oqibatlari va yo‘qotishlarini o‘zida mujassam etgan, O‘zbekiston xalqining buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasini to‘la namoyon etgan «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasining tarixiy ahamiyatini xorijiy tarixchilar va keng jamotchilik ham faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Rossiya Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Aleksandr Vorobyov majmuaning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidladi.

– O‘zbekistonda G‘alaba bog‘ining ochilishi mamlakat tarixida muhim voqea bo‘ldi, – deydi u. – Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston ham katta yo‘qotishlarga uchradi. Buni har doim yodimizda saqlashimiz kerak. Toshkentda G‘alaba bog‘i barpo etilishi esa urush yillaridagi O‘zbekiston tarixining haqli e’tirofi, xalq qahramonligini abadiylashtirish yo‘lidagi ezgu intilishdir.

— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda ulug‘vor G‘alaba bog‘i va “Shon-sharaf” muzeyining ochilishi diqqatga sazovordir, — deydi Qirg‘iziston Tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi a’zosi Marat Kazakbayev. — Albatta, qardosh o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida buyuk G‘alabani qo‘lga kiritishda qo‘shgan hissasi ulkan va jahon tarixida muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunga kelib, 301 nafar O‘zbekiston vakili Qahramon unvoniga sazovor bo‘lgani va 70 nafar harbiy xizmatchi uch darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangani ma’lum bo‘ldi. Bu ma’lumotlar o‘zbek xalqining buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasiga yaqqol dalildir. Ushbu tashabbus O‘zbekiston rahbariyatining tarixga, kelajakka hamda umuminsoniy qadriyatlarga bo‘lgan adolatli siyosatining yorqin ifodasidir.

– Bunday muzeyni yaratish nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy jamoatchilik uchun ham muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekistonning Kampaniya va Molize (Italiya) mintaqalaridagi faxriy konsuli Vittorio Jorji. – Dunyo shu orqali o‘zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladi. Shu bois bog‘ni o‘zbek xalqi mehribonligi va saxovati sharafiga qad rostlagan majmua, deyishni istardim.

 

Jobir Xo‘jaqulov,
Anvar Ilyosov (foto).

«Dunyo» AA


Print   Email