Farzand kamoli – jamiyat baxti

Farzand kamoli – jamiyat baxti

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Xalqimiz – bolajon. Har bir inson ularning baxt-u iqboli, kamoli deb yashaydi. Ota va ona farzand, uning manfaatlari ro‘yobi uchun yaratilgandek go‘yo.

Ertalab farzandini nonushta uchun uyg‘otayotgan ona, kuni bilan nima qilishini so‘rayotgan ota, yonida suhbatdosh bo‘lishini istayotgan bobo-buvilarning duolarida ham “farzandlarimizni Yaratgan o‘z panohida asrasin...” kabi tilaklari cheksiz va uni so‘z bilan ta’riflash mushkul. Ular bolasi qo‘lidan mahkam tutadi –jon-jahdi bilan asraydi. Kulsa – kuladi, yutuqlarga erishsa, xursandchilikdan dunyolarga sig‘maydi. Chunki bolasi – uning orzusi, kelajak umidi, quvonchi manbai. Ammo ozor cheksa, tunlari uyqusiz, kunlari esa halovatsizlikka aylanadi. Shunday ekan, ular uchun vaqtimizni qizg‘anishga haqqimiz bormi? Uning tarbiyasigachi?

So‘nggi vaqtlarda pandemik vaziyat, yuzaga kelgan karantin holatiga qaramay, farzand tarbiyasi masalasi unutilmadi. Ta’lim ustozlar tomonidan telekanallar orqali onlayn usulda berilgan bo‘lsa, tarbiya har bir ota va ona zimmasiga yuklandi. Bu masala hatto davlat siyosatining uzviy qismiga aylandi ham. Buning isbotini Prezidentimizning ko‘plab ma’ruzalarida “Har bir bolaning ta’limi va tarbiyasi e’tiborsiz qoldirilishi mumkin emas”, deya ta’kidlayotganidan ham ko‘rinib turibdi.

Agarda tarbiya masalasida noxush voqea sodir bo‘lsa, odatda bolalarimizni aybdor qilamiz. Nega? Axir, ularning istagini bajaryapmiz-ku? Ular uchun borimizni beramiz. Ammo farzandimizga qachondan mehnat qilish va kitob o‘qish zarurligini qay darajada o‘rgatyapmiz? Ularga yoshiga munosib kitoblarni tavsiya qila olyapmizmi? Yoki qaysi filmlar ko‘rishi mumkinligini-chi? Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini-chi... O‘zimiz qanchalik bilamiz ular haqida?

Ba’zan pand-nasihatiga quloq solmayotgan farzandlaridan noliyotgan ota-onalarni uchratamiz. Ularni dangasa qilib tarbiyalab, vaqtida tarbiya bermagan o‘zimiz emasmi? Nima uchun shu haqida o‘ylab ko‘rmaymiz? Masalan, farzand 3 yoshgacha qanday mehnatni qila olishi yoki qanday bilimlarni olishi kerak? 6 yoshda nimalarni bilishi zarur? Balog‘atga yetganda-chi? Turmush qurishidan avval ularga oila mas’uliyati, majburiyati haqida tushuntirdikmi? Axir, buni biz o‘rgatmasak, ijtimoiy tarmoqda o‘rgatuvchilar bisyor. Aybdorni izlash, aybni o‘zimizdan soqit qilish juda ham oson. Xo‘sh, qayerda xatolikka yo‘l qo‘ydik? O‘ylab ko‘raylik. Goh internetni aybdor qilayotgan ota-onani ko‘rsak, goh telekanallardagi seriallar sababchi deyayotganlarga guvoh bo‘lyapmiz. Bunga kim aybdor? Bolalarni ayblashdan avval, ota-onalar mas’uliyati va majburiyatini tafakkur qilish kerakmikin?

Ma’lumki, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qayerda kuchli bo‘lsa, o‘sha joyda huquqbuzarlik, jinoyatchilik barham topadi. Aksincha bo‘lsa, ma’naviyat inqirozga yuz tutadi.

Abu Ali Ibn Sino bundan ming yillar ilgari “Bola tarbiyasi bilan avvalo oila, ota-ona shug‘ullanmog‘i lozim. Bola axloqi shakllanishida – ota-onaning bir-biriga bo‘lgan munosabati muhim o‘rin tutadi. Buning uchun oila a’zolarining har biriga ma’lum vazifalar yuklatilgan bo‘lishi kerak”, deb bejiz aytmagan edi.

Ota-ona bolalariga beradigan hadyalar, go‘zal liboslar, sarxil ichimligu yeguliklar ma’naviyat ko‘magisiz zararli odatlar urchishiga xizmat qilishini anglash zarur. Chunki ma’naviyat zamiriga qurilmagan har qanday tarbiya vayronkorlik tomon yuz burishi – haqiqiy ma’nodagi tahdidga aylanishi tabiiy.

Aslida, tarbiyachining o‘zi kezi kelganda tarbiyalanuvchi – o‘rganuvchi bo‘lishi talab qilinadi. Aks holda, sharq xalqlariga xos uzluksiz tarbiya tizimiga putur yetadi. Unga ko‘ra, har bir inson, yoshi va jinsidan, ijtimoiy holatidan qat’iy nazar, tarbiyalanuvchidir. Zero, tarbiya ko‘rgan odamgina boshqalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘ladi.

Demak, tarbiya – mas’uliyat va javobgarlik, qolaversa, omonatdorlik masalasidir. Omonatlarimiz – aziz farzandlarimiz tarbiyasiga befarq bo‘lmaylik, Vatan oldidagi burch va mas’uliyatimizni bajarishda kechikmaylik! Omonatga xiyonat qilishdan tiyilaylik!

Farzandlarimizga ham buni o‘rgataylik. Shundagina xatolar kamayadi. Ma’naviyat ham, ma’naviyatsizlik ham tarbiya, kitob mutolaasi orqali qalbga o‘rnashadi. Nimani eksak, shuni o‘ramiz. Zero, “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”.

Demak, bolalarda mehnatga ongli  munosabatni shakllantirib borish, kitob o‘qishga qiziqishni ortirishda bilimimiz bilan namuna ko‘rsatishimiz shart. Tarbiyaning mahsuli shirin bo‘lsin. Shuning o‘zi baxtdir. Abu Nasr Farobiy aytganidek, “bilim insonni yaxshi xulqli, saxovatli va aql-idrokli qiladi. Inson bilimsiz o‘zi ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi. Inson baxt-saodatga erishmog‘i uchun insoniy fazilatlarning mazmun-mohiyatini ham anglab olmog‘i zarur”.

Chindan ham norasida go‘daklarimiz ertaga baxtli bo‘lishini istasangiz, bugundan harakat qiling!

 

Munira Qahhorova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i.


Print   Email