Eʼtiqod koʻngilda boʻladi

Eʼtiqod koʻngilda boʻladi

Munosabat 
 
Samarqandda IX-X asrlarda yashab ijod qilgan allomai jahon Imom Abu Mansur Moturidiy zabardast olim sifatida butun islom olamida keng shuhrat qozongan. 
 
Imom Moturidiy oʻz zamonasidagi adashgan oqimlarga aqidaviy kurash olib borib, Moturidiylik taʼlimotiga asos solib ketgan. Moturidiylik taʼlimotining ahamiyati va qadri shundaki, u bugungi kunga qadar islom olamida Ahli sunna val jamoa aqidasini targʻib qiluvchi ikkita – moturidiylik va ashʼariylik maktablaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan olib qaraganda, moturidiylik taʼlimotining nafaqat tarix, balki bugungi kunda ham mafkuraviy ahamiyati kattadir.
 
Afsuski, xalqimiz qariyb bir asrlik mustabid tuzum davrida Imom Moturidiy kabi allomalarimiz ilmiy merosidan toʻliq bahramand boʻlish imkonidan mahrum boʻlib yashadi. Faqat ona yurtimizga Yaratgan tomonidan berilgan istiqlol neʼmati va muborak dinimizga boʻlgan erkinliklar natijasida bunday zabardast ulamolarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganishga sharoit yaratila boshlandi.
 
Ayniqsa, soʻnggi 3-4 yil davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan islomshunoslik sohasiga koʻrsatilayotgan katta eʼtibor islomshunos tadqiqotchilarga yana-da keng imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Xususan, bu borada Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
 
Ushbu farmonning amalga tatbiq etilishi pirovardida yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini ochish toʻgʻrisida”gi qaror hech bir mubolagʻasiz olamshumul voqea boʻldi. Chunki bugungi kunda xorij oʻlkalarida, ayniqsa, Turkiya Respublikasida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti olimlari ilmiy merosiga oid koʻplab tadqiqotlar olib borilgan boʻlsa-da, dunyoda Imom Moturidiy nomi bilan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi birinchi marotaba tashkil etilmoqda. Albatta, hukumatimiz tomonidan koʻrsatilgan bunday xayrli tashabbus yurtimizdagi islomshunos tadqiqotchilarga katta masʼuliyat yuklaydi.
 
Tashkil etilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ahamiyatini bir qancha misollar bilan tushuntirishga harakat qilamiz. Yuqorida har bir davrda aqidada adashgan toifalar, oqimlar va mafkuraviy kuchlar boʻlishi tabiiy ekanini taʼkidlab oʻtdik. Ana shunday qora kuchlarga asrlar davomida Imom Moturidiy va uning izdoshlari oʻz asarlari orqali raddiyalar berib kelgan. Loʻnda qilib aytganda, xoh tarixda, xoh bugungi kunda paydo boʻlgan har qanday adashgan aqidaviy oqimlarning asosiy maqsadi aksariyat hollarda dindan oʻzining gʻarazli manfaati yoʻlida foydalanish boʻlgan. Ular bu qabih ishlarida islom aqidasida eng nozik va asosiy masala boʻlgan “imon” tushunchasini (tuygʻusini) tor qolipda talqin etib, oʻzlariga ergashmagan har qanday insonni “imondan chiqqanlik” – adashganlik, yaʼni kufrda ayblab keladi. Imom Moturidiy oʻzining aqidaviy qarashlari orqali aynan mana shunday toifalarga mafkuraviy zarba berib, ularning gʻarazli yuzlarini ochib tashlaydi va ildiziga bolta urgan.
 
Imom Moturidiyga koʻra, “Kimki chin qalbidan oʻzini musulmon hisoblasa, u komil musulmon hisoblanadi va hech kimning uni kufrda ayblashga haqqi yoʻq”dir. Allomaning fikricha, dinu eʼtiqod insonning qalbida boʻladi, undan siyosat va turli gʻarazli yoʻllarda foydalanish aslo mumkin emas.
 
Imom Moturidiyning bu kabi aqidaviy qarashlarini koʻplab keltirishimiz mumkin.
 
Yurtimizda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ochilishi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun ham katta mafkuraviy ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur ilmiy-tadqiqot markazida nafaqat yurtimizdagi moturidiyshunos olimlar, balki butun dunyodagi soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish ham rejalashtirilmoqda. Jumladan, kelajakda ilmiy-tadqiqot markazida xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun ham Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyaning taʼsis etilishi, markaz bilan Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ICESCO)ga aʼzo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari oʻrtasida xalqaro hamkorlikning oʻrnatilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asoslantirilgan takliflari asosida ilmiy xodim va tadqiqotchilarning xorijda maqsadli amaliyot oʻtashi va stajirovkasini tashkil etishi, shuningdek, xorijlik ilmiy xodim va tadqiqotchilarning Markazga jalb qilinishi Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik taʼlimotining bugungi kundagi mafkuraviy ahamiyatini ochib berishda keng imkoniyatlar yaratadi.
 
Shuningdek, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻz faoliyati davomida Abul Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Nuriddin Sobuni Buxoriy, Alouddin Samarqandiy, Hakim Samarqandiy, Ibrohim Saffor kabi yurtimizdan chiqqan yuzlab moturidiyshunos olimlarning ilmiy asarlarini tadqiq qilish va ularning oʻzbek tilidagi tarjimalarini amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymoqda. Ayniqsa, hanuzgacha yurtimiz va dunyo qoʻlyozma fondlarida oʻz oʻquvchisini kutib turgan nodir qoʻlyozma nusxalarni aniqlab, ularni ilmiy muomalaga kiritish yuzasidan tadqiq etish ham ilmiy-tadqiqot markazining ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.
 
Shunday ekan, Imom Moturidiyning kindik qoni toʻkilgan ona zaminimizda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi dunyodagi jamiki moturidiyshunos olimlar tomonidan olamshumul voqea sifatida qabul qilinishi shubhasizdir. Oʻylaymizki, XXI asrda global muammo boʻlib qolayotgan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ushbu xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi dunyodagi koʻplab moturidiyshunos olimlarning bir yoqadan bosh chiqarib, hamkorlikda faoliyat olib borishlariga xizmat qiladi.
 
Shu sohaning mutaxassisi sifatida muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev hamda hukumatimizga bizga yaratib berilayotgan bunday bebaho imkoniyat uchun cheksiz minnatdorlik izhor qilamiz. Shu oʻrinda Imom Moturidiyning “Pandnomai Moturidiy” nomli risolasidan oʻrin olgan ushbu nasihatlarini keltirib oʻtishni lozim topdim: “Agar ikki dunyo saodati hamda diningni mustahkamlashni istasang, quroling doim qalam boʻlsin”.
 
Saidmuxtor OQILOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
dotsenti, tarix fanlari nomzodi.

Print   Email