E’lon! Abiturientlаr diqqаtigа!!!

E’lon! Abiturientlаr diqqаtigа!!!

Siz, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lishni istaysizmi?

Shoshiling, yurtimiz va jahonda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga abiturientlarning qabul jarayoni 20 iyundan 20 iyul kuniga qadar davom etadi(!).

Joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar qabuli va test sinovlari butun dunyoda bo‘lgani kabi Covid-19 pandemiyasi sharoitida o‘tkazilayotgani bois o‘ziga xos talab hamda sharoitlarni taqozo etmoqda.

Maʼlumki, “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘gʼrisida”gi Prezident qarori asosida joriy yilda abiturientlarga keng imkoniyatlar berilmoqda.

Eng avvalo, abiturient test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha oliy o‘quv yurti bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, kirish test sinovlari ikkita fandan o‘tkazilishi ham yoshlarning o‘z iqtidorlarini to‘liq namoyon etishiga sharoit yaratishi tabiiy.

Аlbatta, bu kabi yangilik va yengilliklar yoshlarimizning ilm-maʼrifatga intilishini qo‘llab-quvvatlagan holda kelajakda yetuk mutaxassis kadr sifatida jamiyatda o‘z munosib o‘rnini egallashiga katta ragʼbat beradi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan ham joriy yilda abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish va dastlabki imtihonlarni o‘tkazishda bir qator yengilliklar taqdim etilmoqda.

Diqqat qiling, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga abiturientlar belgilangan hujjatlarni (quyidagi link: (https://iiau.uz/en-ca/yangiliklar/yangiliklar/q-bul-komissiyasig-biturient-q-ysi-hujj-tl-rni-topshir-di-22.html) PDF format yoki sifatli suratga olib, uylarida turgan holda(!) kompyuter yoki zarur imkoniyat mavjud mobil aloqa vositasi orqali https://qabul.iiau.uz portali orqali topshirishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga abiturient doimiy ish faoliyatidagi o‘z mobil(!) telefoni raqamini kiritishi zarur. Chunki ushbu belgilangan mobil raqamga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi (link) hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Unutmang! Hujjatlaringizni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha maʼlumotlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirilishi shart. Аgarda ism sharifingiz yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi(!). Bu sizning hujjatlaringiz Аkademiya qabul komissiyasiga kelib tushmasligiga sabab bo‘ladi.

Dastlabki imtihon qanday va qachon otadi?

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi 358-son qaroriga ko‘ra joriy yildan Аkademiyaga qabul jarayonida dastlabki imtihon joriy etilmoqda. Ushbu sinovlar bo‘lgʼusi talabaning o‘z intellektual salohiyatini kengroq namoyon etishiga imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Eʼtibor bering! Dastlab 2020 yilning 20-iyunidan 10 iyul soat 17-00ga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining https://qabul.iiau.uz portali orqali belgilangan tartibda hujjatlaringizni ro‘yxatdan o‘tkazgach, 11-13 iyul kunlari dastlabki imtihon — Intellektual salohiyatni baholovchi testdan o‘tish talab etiladi. Bunda har bir abiturientning (hujjat topshirishda rasmiylashtirilgan) mobil telefon raqamiga SMS xabar orqali internetning ilovasi, topshiriladigan Intellektual testdan o‘tish kuni (sanasi), vaqti (soati) hamda test savolnomasini olishda zarur bo‘ladigan shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Eslatma! Intellektual salohiyatni baholovchi testni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari haqida Аkademiyaning www. iiau.uz sayti hamda rasmiy telegram kanallar va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘lishingiz mumkin).

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar 2020 yilning 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali Аkademiyaga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

Ozbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email