Dog‘istonda O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyati taqdimoti va B2B uchrashuvlar o‘tkazildi

Dog‘istonda O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyati taqdimoti va B2B uchrashuvlar o‘tkazildi

Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasida O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyati taqdimoti hamda ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar berilmoqda uzbektourism.uz saytida.

O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6165-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 100-sonli qarori ijrosi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirig‘i bilan Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasida “Imomlar yurtiga sayohat” yo‘nalishidagi targ‘ibot ishlari boshlandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizning RFdagi elchixonasi hamda Rostov-Dondagi Bosh konsulligi ko‘magida Dog‘iston Respublikasining Maxachkala shahriga tashrif buyurdi.

 

Dastlab O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Dog‘iston Respublikasining milliy siyosat va din ishlari bo‘yicha vaziri Enrik Muslimov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Enrik Muslimov O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifidan xursand ekanini ma’lum qilib, mamlakatimizning ziyorat turizm salohiyatini yuqori e’tirof etdi. Shu bilan birga, vazir O‘zbekiston-Dog‘iston o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajada rivojlanishi tarafdori ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda shuningdek, Dog‘iston Respublikasi muftiysining birinchi o‘rinbosari Ahmad Xoji Kaxayev ham ishtirok etib, Bahouddin Naqshbandiy, Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy kabi dunyoga mashhur allomalarimizning islom olamidagi muhim o‘rnini e’tirof etdi. Ahmad Hoji Kaxxayev ushbu tashrif uchrashuvlari ortidan tomonlar o‘rtasida ziyorat turizmi rivojlanishidan juda mamnun ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, delegatsiya tashrifi doirasida muftiatda Dog‘iston Respublikasi muftiysi, Musulmonlar markaziy ma’naviy boshqaruvi raisi Shayx Ahmad Xoji Abdullayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muftiy ziyorat turizmini rivojlantirish orqali ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda diniy bilimlar bo‘yicha ta’lim turizmini ham rivojlantirish ayni muddao ekanini ta’kidladi.

Dog‘iston tomon delegatsiyamiz tarkibidan o‘rin olgan o‘zbekistonlik taniqli hattot Habibulloh Solihni dog‘istonlik pedagoglar uchun malaka oshirish kurslari, talabalar uchun esa hattotlik bo‘yicha mahorat darslarini o‘tishga taklif qildi.

Shundan so‘ng Maxachkala shahridagi Tarixiy parkda O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyati taqdimoti hamda hattotlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. Tadbirni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi O‘tkir Saidov ochib berdi, so‘ngra Qo‘mita huzuridagi Milliy-PR markazi rahbari Jamshid Babadjanov tomonidan - taqdimot, taniqli hattot Habibulloh Solih tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, taqdimot va mahorat darsi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

 

O‘zbekiston va Dog‘iston turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B formatidagi uchrashuvlar ham dog‘istonliklarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. Ushbu uchrashuvlarga Dog‘iston tomondan 30 ga yaqin turoperator tashrif buyurib, o‘zbekistonlik turoperatorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamladi. Kun so‘ngida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining mohir oshpazlari tomonidan milliy taomimiz bo‘lmish palov tayyorlanib, dog‘istonliklarga tortiq etildi. Dog‘istonliklar palov ta’mini yuqori baholashdi.

Tashrif doirasidagi barcha tadbirlar Dog‘istonning mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritildi. 

Umid qilamizki, tizimli ravishda tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar O‘zbekiston-Dog‘iston aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqib, kelgusida mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimi oshishiga yanada kuchli turtki beradi.


Print   Email