Dinshunoslikning dolzarb muammolari olimlar tadqiqotida

Dinshunoslikning dolzarb muammolari olimlar tadqiqotida

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bosh kotibi v.b. Sayidafzal Mallaxonov so‘z olib, konferensiya ishiga omad tilab, ishtirokchilarni muborakbod etdi.

ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un Gʻofurov, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi Ta’lim bo‘limi raisi, Toshkent pravoslav seminariyasi prorektori, protoiyeriy Sergiy Stasenko, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi kafedra o‘qituvchisi R.Turganov, Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti professori Mirsodiq Ishoqov, Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti Dinshunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi Albina Duysenbayeva, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchilari Mahfuza Alimova, Dono Qalandarova, Durbek Rahimjonov, respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalari mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, doktorant-magistr hamda talabalar ishtirok etdi.

– Mazkur anjumanning muhimligi shundan iboratki, yurtimizda turli millat va din vakillari istiqomat qiladi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov. – Tabiiyki, nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda millatlar, dinlar, g‘oya va fikrlarning turlicha bo‘lgani tabiiy jarayon sanaladi. Eng muhimi, mana shu turli millat va din vakillarini o‘zaro hamjihatlikda, bir-biri bilan ahil-inoq bo‘lib yashashi, dunyo obodligi yo‘lida xizmat qilishi ekani shubhasiz.

Mazkur anjumanda dinshunoslik, tarix, falsafa, xalqaro munosabatlar singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari hamda Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, tasavvuf, islom tarixi, manbashunosligi kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari bilan bog‘liq fanlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari ham keng jamoatchilikka tanishtirildi.

Ilmiy-amaliy tadbirda “Dinshunoslik vazifalari va milliy qadriyatlarimiz”, “Uchinchi renessans davrida diniy-ma’rifiy sohaga e’tibor”, “Dinshunoslik fanlarini modul tizimi asosida masofaviy o‘qitish”, “Dinshunoslik” va “Diniy ekstremizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari” fanlarining huquqni muhofaza qilish organlari tizimida o‘qitilishi zarurati”, “Avestoda tarixiy vaqt masalasi”, “Толерантность как основной принцип в преподавании религиоведческих дисциплин”, “O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim: azaliy qadriyatlar va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi yo‘lida”, “Tarbiya” fani konsepsiyasi: maqsad va vazifalar” kabi mavzular ma’ruzachilar tomonidan muhokama etildi.

– O‘zbek xalqi o‘zining rivojlanish tarixida bir qancha ilmiy yutuqlarga erishib, jamiyatda ilm-fan, san’at va madaniyatni yuksaltirgan buyuk siymolarni tarbiyalab, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan mamlakat sifatida e’tirof etiladi, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov. – Bugungi kunda rivojlanib borayotgan yurtimiz yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tdi. So‘nggi yillarda fan va ta’lim sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar alohida e’tiborga molik. Ma’lumki, jamiyat insoniyat taraqqiyoti ezgu maqsadlar mushtarakligi asosida yuzaga keladi. Bunda albatta, diniy qarashlar muhim rol o‘ynaydi.

Anjumanda oliy ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlaridagi yangiliklar, bu boradagi ilmiy metodologik uslublar haqida so‘z bordi.

– Prezidentimiz tomonidan 2019-yilning 8-oktabrida “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi, – deydi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova. – Hujjatda “oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish” belgilandi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham 2020-2021 o‘quv yilidan mazkur tizimga o‘tildi. Dinshunoslik fanlarining modul tizimi asosida joriy etilishi o‘qituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi. Modulli ta’limda eng katta urg‘u talabalarning mustaqil ta’lim olishiga qaratiladi. Dinshunoslik fanlarini o‘qitishda modulga asoslangan o‘quv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqildi. Zero, bugungi pandemiya sharoiti ham masofaviy ta’limni rivojlantirishni talab etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, konferensiya mavzusi doirasida dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid ko‘plab ilmiy maqolalar kelib tushgani anjuman nufuzi yildan yilga ortib borayotganidan darak beradi. Mazkur maqolalar konferensiya materiallari to‘plamidan o‘rin olgan. To‘plam 70 dan ortiq maqolalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni o‘z ifodasini topgan. Ma’ruzachilar tomonidan konferensiya materiallari to’plamini  tegishli mutaxassislar orasida tarqatish, 16-aprel kunini “Diniy ma’rifat kuni”, aprel oyini “Jaholatga qarshi ma’rifat” oyligi deb e’lon qilish bo’yicha takliflar bildirildi.

Tadbir davomida konferensiyada so‘z yuritilgan ma’ruzalar bo‘yicha ishtirokchilarga savollar berildi. Ilm mashvarati yakunida mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email