Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik taraqqiyotga yetaklaydi

Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik taraqqiyotga yetaklaydi

So‘nggi yillarda ko‘p millatli yurtimizda o‘zaro do‘stlik muhitini yaratish, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya, 153 ta milliy-madaniy markaz, 38 ta “Do‘stlik” jamiyati vakillari teng huquqli hamda o‘zaro hamjihatlikda ahil-inoq yashab kelmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Diniy bag‘rikenglik, dindorlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashning siyosiy va huquqiy jihatlari: milliy tajriba” mavzusida mintaqaviy videokonferensiya tashkil etildi.

Markaziy Osiyodagi diniy erkinliklarga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafayev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Ibrohim Inomov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev, Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Gulchehra Fozilova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim mudiri Temur Ahmedov, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlarining vakillari, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy Morar, O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi rahbari, yepiskop Yeji Masulevich, Toshkentdagi nemis yevangel lyuteranlar cherkovi jamoasi rahbari, pastor Lyudmila Shmidt, Yahudiy diniy jamoalari Toshkent jamoatchiligi raisi Arkadiy Isaxarov hamda boshqa diniy konfessiya vakillari ishtirok etishdi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan uchrashuvni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev olib bordi. Konferensiyada “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yangi tahrirda”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik – yangilangan O‘zbekistonning ma’naviy kuchi”, “Islomdagi diniy bag‘rikenglik asoslari”, “Bag‘rikenglik din erkinligini mustahkamlashning asosiy prinsipi sifatida”, “O‘zbekistonda diniy tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari” hamda Markaziy Osiyo davlatlaridagi diniy va millatlararo munosabatlar kabi mavzular muhokama etildi.

– O‘zbekistonda turli konfessiyalar, dinlar, millatlararo totuvlik, inoqlik muhiti, madaniyati shakllangan, – deydi Yahudiy diniy jamoalari Toshkent jamoatchiligi raisi Arkadiy Isaxarov. – Buning negizida asrdan asrga o‘tib kelayotgan qadriyatlar, an’analar mujassam. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston turli millat va din vakillari uchun madaniyat markazi bo‘ldi. Xalqning bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik kabi fazilatlari tufayli bu jarayon yanada oson kechdi.

Anjumanda turli din vakillarining huquq-erkinliklarining siyosiy va huquqiy kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlarining tajribasi, dinlararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar, Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu sohalardagi ijobiy tajribasini xalqaro hamjamiyatga yetkazish kabi masalalar xususida so‘z bordi.

– Ta’kidlash lozimki, oxirgi yillarda diniy-ma’rifiy sohada Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘ziga xos yondashuvlari asosida ijtimoiy-ma’naviy muhit tubdan o‘zgardi, – deydi O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi rahbari, yepiskop Yeji Masulevich. – Eng avvalo, diniy tashkilotlar jamiyat taraqqiyoti va yurt tinchligida o‘ziga xos muhim o‘rin tutadigan mavqega ega bo‘ldi. Bunda insonning boshqa din, o‘zga madaniyat, alohida insonni hurmat qilish, o‘z birodaridek qabul qilish ko‘nikmasi shakllandi. Bu BMTning Inson huquqlari va diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus vakili tomonidan ham ta’kidlanmoqda. Mazkur tashkilot a’zolarining yurtimizda tashrifi davomida biz bilan ham alohida uchrashib, fikr-mulohazalarimiz bilan qiziqqani e’tiborga sazovordir. Hozirda O‘zbekistonda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu qonun muhokamasida turli diniy konfessiyalar vakillarining ishtiroki ta’minlanib, ularning fikr-mulohazalari ham qonun loyihasiga tatbiq etilayotgani e’tiborga molikdir. Albatta, mazkur ishlar mamlakatda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida muhokama etilgan mavzular bo‘yicha yakuniy xulosalar chiqarilib, mazkur fikr-mulohazalar soha rivojini yuksaltirish yo‘lida xizmat qilishini ta’kidlashdi. Mazmunli o‘tgan uchrashuv uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email