Dilbar Gʻulomova — O‘zbek ayoli timsoli

Dilbar Gʻulomova — O‘zbek ayoli timsoli

80 yoshlik yubileyi munosabati “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli davlat va jamoat arbobi, olima, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilbar Gʻulomovaning 80 yoshlik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, san’at va madaniyat arboblari, olimlari, diniy-ma’rifiy soha vakillari, D.Gʻulomovaning farzandlari, hamkasblari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, haq-huquqlarini himoya qilish va iste’dodlarini rivojlantirish hamda xalqimizning azaliy qadriyatlarini asrab-avaylash, diniy-ma’rifat sohasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati uchun Gʻulomova Dilbar Muxamedxanovna “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni o‘qib eshittirildi.

—  Taniqli davlat va jamoat arbobi, qadrli ustozimiz Dilbar Gʻulomova haqiqiy ma’noda O‘zbek ayoli timsoli, xotin-qizlarimiz uchun o‘z mehnat faoliyatlari, ilmiy salohiyati, fidoyiligi va oilasiga sadoqati hamda farzandlar tarbiyasidagi jonkuyarligi bilan ibrat maktabini yaratdilar, — deydi tabrik so‘zida Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva. —  U kishi o‘zlarining 40 yildan ortiq mehnat faoliyatlari davomida mamlakatimizda oila institutini rivojlantirish, xotin-qizlarimiz uchun farovon turmush sharoitini yaratish, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish borasida samarli va fidokorona xizmat qildilar.  

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Minovarov ham yubiley sohibasini samimiy qutlab, u kishining yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada ko‘rsatayotgan fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan yuqori baholanayotganini  e’tirof etdi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev tomonidan ham Dilbar Gʻulomovaning 80 yoshlik yubileyi hamda davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlangani munosabati bilan tabrik yo‘llandi. Qutlov nomasi hamda esdalik sovg‘alarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Komilov samimiy dil izhorlari bilan tantanali topshirdi.

Darhaqiqat, xalqimiz qadim qadriyatlarini asrab-avaylash, uni yosh avlodga munosib yetkazish orqali davlatimiz taraqqiyoti, elimiz farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan Dilbar Gʻulomovaning hayot yo‘llari va ilmiy faoliyatlariga nazar tashlasak, ushbu mukofotga tom ma’noda munosib ekanliklarini ko‘ramiz. Dilbar Gʻulomova 1941-yil 30-mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat to‘qimachilik institutini muvaffaqiyatli tamomlagach, turli yillarda mas’uliyatli vazifalarda ishlab kelgan, jumladan, Toshkent viloyati mahalliy sanoat, maishiy xizmat va kommunal xo‘jaligi kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari kengashi raisi, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, rais, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari lavozimlarda, 2019-yildan buyon esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimida samarli faoliyat yuritib kelmoqda.

Dilbar Gʻulomova davlatimiz tomonidan “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.

Tadbirda shuningdek, Dilbar Gʻulomovaning safdoshlari, shogirdlari va farzandlari nomidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rupova, fan doktori, professor Halima Alimova, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi raisi Svetlana Inamova, “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova ham so‘z olib, o‘zbek ayoliga haqiqiy ma’noda ham davlat va jamoat ishlaridagi faolligi bilan, ham oilaga sadoqati, ro‘zg‘or tebratishdagi oqilaligi-yu, farzand tarbiyasidagi namunasi bilan ibrat bo‘lib kelayotgan ustozlariga o‘z hurmatlarini bildirishdi.

Uchrashuv davomida mehribon olima va jonkuyar inson Dilbar Gʻulomova uzoq yillik mehnat faoliyati davomida yurtimiz rivoji uchun sidqidildan mehnat qilganligi, malakali shogirdlar tarbiyalagani e’tirof etildi. O‘z navbatida Dilbar Gʻulomova ko‘rsatilgan e’tibor va hurmat uchun davlatimiz rahbari hamda hukumatimiz, xalqimizga o‘z minnatdorligini bildirdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email