Davra suhbatida buyuk siymolar yodga olindi

Davra suhbatida buyuk siymolar yodga olindi

Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi, xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik. XX asr o‘zbek adabiyoti va san’atida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat ma’rifati, ozodligi, hurligi yo‘lida mardonavor kurashgan bu ulug‘ adibning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu o‘rin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoldi.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Mahmudxo‘ja Behbudiyni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlagani alloma shaxsiyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Qolaversa, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga alloma sharafiga qo‘yilgan yodgorlik haykali, mutafakkirning hayoti va ijodini chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan “Mahmudxo‘ja Behbudiyning Abdurauf Fitrat bilan hamfikrligi”  mavzusida Akademiyaning professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyobonidagi Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda o‘zbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, Abdurauf Fitrat bilan olib borgan jadidchilik harakati haqida so‘z yuritildi.

Akademiyaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.

– Nafaqat Behbudiy, balki barcha mutafakkirlarimizning hayoti va ijodi keng jamoatchilik tomonidan chuqur o‘rganilayotganligi tahsinga sazovor, – deydi shoir Bobur Bobomurod. – Behbudiy shaxsiyati oddiy shaxsiyat emas. Alloma ijodkor sifatida menda katta taassurot uyg‘otgan. Behbudiyni jadidchilik harakati yetakchilaridan biriga aylanishi, millatni ma’rifatli qilish uchun kurashishga nima majbur qildi? Vaholanki, tahlikali umr kechirib, fojiali o‘lim topdi. Avvalo, mutafakkir Vatan oldidagi majburiyatini unutmadi. Yurtni ma’naviy va siyosiy qoloqlikdan olib chiqishga urindi. Uning o‘limi jadidlar uchun ulkan yo‘qotish edi. Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va boshqa ma’rifatparvarlar unga atab marsiyalar yozishdi. Bu esa Behbudiyning millat uchun nechog‘liq muhim inson bo‘lganini anglatadi.

So‘zga chiqqanlar talaba-yoshlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati, Abdurauf Fitratning “Behbudiyning sag‘anasini izladim” nomli marsiyasi haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Chet tillari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilshoda Mo‘minova Behbudiy ijodi xorijiy tillarga tarjima qilinayotganligi, bu orqali allomaning ilmiy merosi yanada rivojlanayotganligiga to‘xtalib o‘tdi. Akademiya talabalari Nodirbek Ortiqov hamda Maqsud Haydarov yoshlar orasida Behbudiy ijodi va ilmiy faoliyatiga bo‘lgan qiziqish ortayotganligini ta’kidlashdi.

Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar tomonidan alloma faoliyati to‘g‘risida savollar berildi. Mazmunli o‘tgan tadbir uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email