Chingiz Aytmatov – ikki elning suyukli adibi

Chingiz Aytmatov – ikki elning suyukli adibi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti bilan hamkorlikda “Chingiz Aytmatov – ikki elning suyukli adibi” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

 “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan ZOOM platformasi orqali onlayn tashkil etilgan tadbirda “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Malika Nosirova, kafedra professor-o‘qituvchilari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Abdulla Ulug‘ov, filologiya fanlari doktori, dotsent Umida Rasulova, Qirg‘iziston Respublikasi Batken davlat universiteti Gumanitar-iqtisodiyot fakulteti dekani Aymaktim Murzaliyeva, Qirg‘iziston Respublikasi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Baktigul Ismailova, dotsent Dilfuza Sayidiraximova, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

– Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda barcha turkiy mamlakatlar, shu jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymodir, – deydi “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Malika Nosirova. – Adib mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi. O‘tgan asrning 80 yillarida Chingiz Aytmatovning “adolat va haqiqat kuychisi” sifatida xalqimizning sha’ni va obro-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini xalqimiz hamisha minnatdorlik tuyg‘ulari bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlanishi ham shundan dalolat beradi.

Anjumanda “Chingiz Aytmatov – davlat arbobi”, “Chingiz Aytmatov asarlaridagi afsonalar”, “Chingiz Aytmatov ijodida inson va tabiat tasviri” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

So‘zga chiqqanlar adib asarlaridagi o‘ziga xos uslublar, undagi bashariyatga daxldor muammolar, insoniyat tafakkurini yuksaltirish uchun xizmat qiluvchi jihatlarga to‘xtalib o‘tishdi. “Oq kema”, “Qiyomat”, “Mangu kelinchak”, “Asrni qaritgan kun”, “Alvido, Gulsari”, “Sarvqomat dilbarim”, “Erta qaytgan turnalar” kabi asarlarida xalqchillik, halollik, adolat kabi fazilatlar qalamga olingani haqida so‘z yuritishdi.

Konferensiya yakunida mazmunli o‘tgan tadbir uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email