Bobur she’riyatida ohangdorlik

Bobur she’riyatida ohangdorlik

14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

Bobur taxallusi bilan ijod qilgan Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo tarixchi, geograf, davlat arbobi bo‘lish bilan birga, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir sifatida dunyoga tanildi. U naqadar sertashvish hayot kechirishiga qaramay, o‘z davrigacha mavjud bo‘lgan adabiyot, tarix, san’at va Qur’on ilmlaridan yaxshi xabardor yetuk olim, yirik badiiy va ilmiy asarlar ijodkori darajasiga ko‘tarildi.

Adabiyotshunoslar tomonidan Boburning 119 g‘azali, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. U 270 baytni o‘z ichiga olgan 8 masnaviydan iborat devon tuzgan. Bular Boburning barakali umr ko‘rgani dalilidir.

Bobur 18-19 yoshlarida ruboiy va g‘azallar yoza boshlagani ma’lum. Bobur she’riyati til va uslub jihatidan sodda va ravondir. Uning misralari shoirning vazn va qofiyalarni qo‘llashdagi mahorati tufayli jo‘shqinlik va musiqiylik kasb etgan.

Ma’lumki, mumtoz she’riyat ustalari qatori Bobur ham aruzda ijod qilgan. Aruz vazni haqida maxsus risola yozgan Bobur o‘z lirik she’rlarida bu vaznning imkoniyatlaridan keng foydalanib, ravon va ohangdor g‘azallar yozganki, ular hozirgacha xalq va maqom kuylari orqali hofiz xonandalar tomonidan zavq bilan kuylanib kelinmoqda. Bobur aruzning hafif, ruboiy, rajaz, ramal, sare’, tavil, mutaqorib, mujtass, muzore’, munsareh va hazaj bahrlaridan hamda bu bahrlarning yigirma besh turdagi ichki xillaridan foydalangan. Masalan:

Mening ko‘nglumki gulning g‘unchasidek tah-batah qondur.

Agar yuz ming bahor o‘lsa ochilmog‘i ne imkondur.

Yoki:

Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu,

Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu.

Ritmik uyushganlik va ohangdorlik she’rning jarangi, musiqiyligini kuchaytiradi va uni eslab qolish imkoniyatini oshiradi. Ritmik jihatdan uyushgan nutqda so‘zlarning ohangdosh bo‘lib tizilib kelishi qofiya sanaladi. Qofiya she’r mazmunini eslab qolishga yordamlashishdan tashqari, estetik zavq ham bag‘ishlaydi.

Ahbobki bazmida guliston xastur,

Yo‘q lek alar bazmida bizga dastur.

Ul jam’da gar huzuri jam’iyat bor,

Yuz shukr, bu jam’ behuzur emastur.

Mazkur ruboiy mazmun jihatdan yetuk bo‘lishi bilan birga, unda shoirning she’rga jilo berish mahorati ham ko‘rinadi, ya’ni “xastur”, “dastur” va “emastur” so‘zlari orasida ohangdoshlik mavjud. Bu ohangdoshlik asosida tajnis san’ati va uning asosida qofiya vujudga kelgan. Bundan tashqari shoir “z”, “s”, “t” tovushli so‘zlarni (bazm, biz, huzur, behuzur, guliston, xastur, dastur, emastur) qo‘llashga e’tibor qaratgan, “jam’”, “jam’iyat” o‘zakdosh so‘zlarning borligi ham ohangdorlikni kuchaytirgan.

Mumtoz she’riyatda qofiya badiiyatning asosiy qirralaridan biri sanalib keladi. Bobur she’rlarida qofiya uchun tanlangan so‘zlar ma’naviy teranligi, ohangdorligi, jilo va jozibasi bilan g‘oyalar mohiyatini, timsollar qiyofasini ochishga yordam bergan.

Bobur o‘z she’rlarida qofiyaning turli xillaridan foydalangan. Masalan, yuqoridagi misollardan birida “qondur” va “imkondur” so‘zlari o‘zaro qofiyalangan. Bu qofiya raviy “n” bilan tugab qolmaydi, balki undan keyin ham davom etadi, shuning uchun mutlaq qofiya sanaladi.

Qofiyaning navbatdagi turi – muqayyad qofiyaga misol:

Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur,

Ko‘zdin o‘chadur uyqu chu oxsham bo‘ladur.

Har ikkalasi g‘amim bila sabrimdek,

Borg‘on sayi bu ortadur, u kam bo‘ladur.

Bu ruboiyda “mahkam”, “oxsham” va “kam” so‘zlarida qofiya raviy bilan tugagani uchun muqayyad qofiya hisoblanadi.

Bobur she’rlarining vazn va qofiya bilan bog‘lik ohangdorligi fikrni ravon ifodalash, o‘quvchi va tinglovchiga emotsional zavq berib, didini o‘stirishga xizmat qilishdek estetik vazifani bajarish bilan birga, Boburning she’riyatdagi yetukligini ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi.

Salima RUSTAMIY,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

o‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti

kafedrasi dotsenti

O‘zA


Print   Email