Bebaho ma’naviy boyligimiz

Bebaho ma’naviy boyligimiz

21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni

Keyingi yillarda tilimizning nufuzi va obro‘si yanada yuksaldi, o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida qariyb 50 million kishiga yetdi. Shu bois, o‘zbek tili xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda, xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda. Ayniqsa, AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Ukraina, Rossiya, Ozarbayjon kabi 10dan ortiq davlatning nufuzli universitetlarida o‘zbek tili sharq tillari fanlari qatorida o‘qitilayotgani qalbimizni faxru g‘ururga to‘ldiradi.

Filolog olimlar tilni “madaniy hodisa”, deb izohlaydi. Darhaqiqat, har bir mamlakatning madaniy merosi uning tili bilan bog‘liq. Shu ma’noda, yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati va Xalqaro hunarmandchilik festivallari ham bugungi kunda xalqaro maydonda obro-e’tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonni, o‘zbek tilini dunyoga tarannum etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining bu borada bildirgan quyidagi fikrlari diqqatga molikdir: “Kimdakim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”.

So‘nggi yillarda ona tilimiz — o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor tufayli uning mavqei yanada ortdi, mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi hamda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish, qonun hujjatlari loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha Atamalar komissiyasi tuzildi.

Ushbu farmonning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi qarori bilan barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Endilikda davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar o‘zi faoliyat yuritayotgan tashkilotning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonunga rioya etilishini ta’minlash masalalariga mas’ul hisoblanadi.

Tan olish kerakki, milliy g‘ururimiz — o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor o‘tgan yillarda biroz susaygan edi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Davlat tilida ish yuritishga doir shu kabi va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyihada 42-moddani davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi haqidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirish taklifi kiritilgan. Ushbu qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar markazida bo‘ldi. Demak, bundan anglashiladiki, fuqarolar davlat tiliga oid munosabatlarga befarq emas.

“Davlat tili haqida”gi qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritilishi belgilab berilgan. Shu asosda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasida ayni paytda ish yuritish, idoralararo ma’lumotlar almashish to‘liq davlat tilida amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida nashrdan chiqqan, o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z hamda so‘z birikmasi, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga olgan 5 tomlik O‘zbek tilining izohli lug‘ati, shuningdek, qayta ishlangan va to‘ldirilgan holda chop ettirilgan “Davlat tilida ish yuritish” kitobi inspeksiya xodimlarining ish faoliyatida keng qo‘llanilyapti. Ushbu manbalar inspeksiyada o‘zbek tilida rasmiy ish hujjatlarini yuritish me’yorlarini belgilabgina qolmasdan, idoralararo hujjat almashish sifatini yanada takomillashtirmoqda.

Yana bir ma’lumot. 2020-yilning sentabr oyidan boshlab davlat xizmatchilarining o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘quv kursi tashkil etildi. Ushbu kurslarda tahsil olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlarining dastlabki ro‘yxati shakllantirildi. Yaqin orada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri o‘simliklar karantini davlat inspeksiyalari hamda O‘simliklar karantini ilmiy markazi xodimlarining ham Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida tahsil olishlarini ta’minlash rejalashtirilgan.

Joriy yilning 10-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunni imzolagani butun dunyodagi o‘zbek tili ixlosmandlari, millatimizning tilshunos olimlari, ona tilimiz jonkuyarlari uchun benazir tuhfa bo‘ldi. Mazkur qonunning 1-moddasiga asosan, 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Endilikda bu sana Mustaqillik ayyomi singari xalqimizning eng ardoqli va asl milliy bayramlaridan biri sifatida nishonlanadi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan ayni davrda o‘zbek tiliga bo‘lgan bu kabi ulkan e’tibor, e’tirofda ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, o‘zbek tilining qadr-qimmatini, nufuzini oshirish yo‘lida islohotlar davom etaverar ekan, jamiyatimizda ilm rivojlanadi, ma’naviyat yuksaladi, dunyo sahnida o‘zbek tilining qadr-qimmati, o‘rni yanada mustahkamlanib boraveradi.

 

Bunyod NASIMOV,

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi

boshlig‘ining maslahatchisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi.


Print   Email