Bayrog‘im – g‘urur va iftixorim!

Bayrog‘im – g‘urur va iftixorim!

Bayroq atamasi eski turkiy tilda bundan ming yillar avval ham aynan shu ma’noda qo‘llangan. Tilshunoslarning fikriga ko‘ra, bu nom qadimgi turkchada “baziraq”, “badiroq”, “batiroq” tarzida ham qo‘llangan. Ya’ni bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga o‘rnatilgan. Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

Tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yurtimizda hukm surgan turli sulolalar, davlatlar ham o‘z bayroqlariga ega bo‘lganini ko‘ramiz. Masalan qadimgi Ko‘kturk hoqonligi, Amir Temur davlatining bayrog‘i – moviy, xunlarniki – oq, Gʻaznaviylar davlati, Qo‘qon xonligi bayroqlari – yashil, Turkiston muxtoriyati bayrog‘i – ko‘k va qizil rangda bo‘lgan. Binobarin bayrog‘imizni qabul qilishda, unda muayyan ranglarni belgilashda tarixiy an’analarimizga alohida urg‘u berilgan.

Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o‘rni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon beradi. Dushman harchand urinmasin, uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, panjalari bilan kesib oladi. Tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugungi avlodga katta ibrat bo‘lishi kerak.

Firdavsiyning “Shohnoma” asarida temirchi Kova korjomasi etagini bayroq qilib ko‘tarib, xalqni zolim shoh, odamxo‘r Zaxxokka qarshi qo‘zg‘olonga boshlagani hikoya qilingan. Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar qo‘shini “bayroqlar ostida” Doro lashkariga qarshi jang olib borgani tarixiy manbalarda qayd etiladi.

Vatanimiz bayrog‘i esa o‘tmishda xalqimizning boshiga musibat tushgan davrlari – o‘tgan asr boshlarini yodimizga soladi. O‘sha kunlar xalqimiz qalbida ketmas dog‘ bo‘lib qoldi. Vatan bayrog‘ini tutgan qo‘llar qayrildi, ozodlikni kuylagan ovozlar bo‘g‘ildi… Millat fidoyilari “xalq dushmani”, “quloq”, “sotqin” degan qora nomlar bilan ta’qibga olindi. Dunyoga ne-ne allomalarni bergan qadim xalq savodsizga chiqarildi. Xalqimizga nisbatan aytilgan bu haqorat asl vatandoshlarimiz qalbida ma’rifat olovini yoqdi. Ular belini mahkam bog‘lab, millatni erk va ozodlik bayrog‘i ostida birlashishga chaqirdi. Bu mag‘rur elning asrlar davomida orzu qilgan g‘ururi, sha’ni, qadr-qimmati, irodasini ifodalovchi ozodlik bayrog‘i edi!

Toki bayroq bor ekan, millat, davlat bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Chunki bayroq – hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!

Munira QAHHOROVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i


Print   Email