Bayrog‘im – faxrim, g‘ururimsan!

Bayrog‘im – faxrim, g‘ururimsan!

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoli sanaladi. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Shu bois, bayroq yoki gerbimizga nazar solganimizda, madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azm-u shijoatimiz oshganini his etamiz.

Joriy yilda mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 29 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat suverenitetining ramzi bo‘lib tarixdan o‘rin egalladi.

Sana munosabati bilan respublikamizning turli hududlarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining faollar zalida “Bayrog‘im – faxrim, g‘ururimsan!” mavzusida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi markaz rahbari, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Ja’far Muhammad, Akademiya “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari nomzodi Botir Valiyev, yuridik fanlari nomzodi, dotsent Surayyo Usmonova, “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi, siyosiy fanlari nomzodi Berdiyev Bektosh, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. Bayram tadbirini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Shavkat Mavlonov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, ma’ruzachilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati, davlat bayrog‘ida aks etgan timsollar, ularning qanday ma’no anglatishi haqida to‘xtalib o‘tildi.

– Bayrog‘imizdagi ramzlar yurtimiz sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlik hamda shu hududda yashovchi millat va elatlarning an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, – deydi dotsent Botir Valiyev. – Yangi oy – mustaqillikni, o‘n ikki yulduz beg‘uborlik, donishmandlik ifodasi sifatida muqaddas Vatanimizda yashayotgan insonlar hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlashini bildiradi. Oq rang timsolida tinchlik, poklikni anglaymiz. Moviy rang tiriklik, yaxshilik, halollik, shon-shuhrat, sadoqatni bildirsa, yashil rang yasharish, yangilanish ramzidir. Qizil chiziqlar esa tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat, barqarorlik va bardavomlik nishonasidir.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi ekanini bildirib, o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtirgani, har bir fuqaro ong-u shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish barchamizning muqaddas burchimiz ekanini ta’kidlashdi.

– Bugungi tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatni namoyon etishdir, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 1-bosqich talabasi Dilmurod Hakimjonov. – Chunki bayroq – or-nomus, jasorat timsoli. Bayrog‘imizni e’zozlash fuqarolarda o‘zining qadr-qimmatiga, o‘z mamlakatiga va shaxsiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Ja’far Muhammadning she’rlari, “Ziyo-Zukko” umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan ko‘y-qo‘shiqlar, Akademiya iqtidorli yoshlarining bayramona chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Yakunda talaba-yoshlar o‘rtasida viktorina o‘tkazilib, g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email