Barcha sa’y-harakatlarimiz yoshlar uchun

Barcha sa’y-harakatlarimiz yoshlar uchun

Shukronalik shukuhi bilan yashash lozim. Mana shunday bir og‘ir sinovli kunlarda ham barcha sohalardagi jarayonlar, rivojlanish tendensiyalari to‘xtab qolgani yo‘q. Yangi texnologiyalar taraqqiy etgan davrda yashayapmiz. Ish uslubimiz ham, farzandlarimizni oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi ham sanitariya-epidemiologik va xavfsizlik qoidalariga amal qilingan holda tashkil etilmoqda. Zamonaviy yangi texnika imkoniyatlaridan oqilona foydalanyapmiz. Bu orqali esa hayotimizdagi barcha jabhalarda shaffof va adolatli bo‘lish tamoyili muhim ahamiyatga ega ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Halollik vaksinasi” hayotimiz mazmuniga aylanishi kerak.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyida ikki kundan buyon o‘quvchilarning imtihon jarayonlari davom etmoqda. Albatta, har bir yosh avlodning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor. O‘zim ham akademik litseydagi o‘qish jarayonlari va o‘quvchi-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlardan xabardorman. O‘g‘il-qizlarimizning baxtli bo‘lishi, ilm-ma’rifat sohibi bo‘lib, ajdodlarimizga munosib voris, kelajakning ertangi egalari sifatida shu yurt taraqqiyoti, rivoji yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Barcha sa’y-harakatlarimiz yoshlar uchun.

Test imtihonlarining shaffof va adolatli o‘tayotganini Jamoatchilik kengashi vakillari bilan birgalikda o‘quvchilarning ota-onalari ham kuzatib bormoqda. Yoshlarimiz o‘z bilimi bilan oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishadilar. O‘ylaymanki, ular orasidan kelgusida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ilmu irfon sohiblari kamolga yetadi.

O‘tkazilayotgan test sinovlaridan ko‘zlangan maqsad akademik litseyga o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilarimiz orasidan bilimli yoshlarni tanlab olishdir. Barcha yoshlarimizga o‘z oldilariga qo‘ygan ezgu maqsadlariga erishish yo‘lida omad tilab qolaman.

Iqbol Mirzo,

O‘zbekiston xalq shoiri,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari

qo‘mitasi raisi o‘rinbosari


Print   Email