Bagʻrikenglik – umuminsoniy qadriyat

Bagʻrikenglik – umuminsoniy qadriyat

Globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan bugungi davrda turli dinga mansub xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Zero, bugun yakka shaxs yoki alohida millat va davlat o‘z qobig‘idan chiqmasdan taraqqiy eta olmaydi. Taraqqiy etishda ham, eng avvalo, bag‘rikenglik tamoyilining qaror topishi har bir yurt aholisining tinch va farovon hayotiga kafolatdir.

Prezidentimiz 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga to‘xtalib, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish bo‘yicha takliflarini ilgari surgan edi. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73 sessiyasining 51-yig‘ilishida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi 193 ta a’zo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bugun millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida O‘zbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Ayni shu omil xalqimizning nafaqat ma’naviy ma’rifiy salohiyati, balki bag‘rikengligining namunasidir.

Darhaqiqat, O‘zbekiston zaminida qadim zamondan Islom dini bilan yonma-yon boshqa din va madaniyatlar ham yashab kelgan. Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalarning mavjudligi, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelayotgani buning tasdig‘idir. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida kata tajriba to‘plaganidan dalolat beradi.

Barcha dinlar ezgulik g‘oyalariga asoslanib, yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Aksariyat dinlar bu dunyoni foniy, o‘tkinchi deb hisoblaydi. Insonning yashashdan asl maqsadi – bu dunyoda xayrli, savob ishlar qilib, boqiy dunyo sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish degan g‘oyani targ‘ib etadi.

Shuningdek, bu o‘rinda Arxiyepiskop Vladimirning fikrlari ham o‘rinlidir: “XIX asrda Rossiyaning markaziy mintaqalaridan majburlab ko‘chirilgan krestyanlar nochor ahvolga tushib qolganda mahalliy aholi ularga har tomonlama yordam ko‘rsatgan. O‘sha davr voqealarini ko‘rgan iyeromonax Xariton “...Mahalliy aholi nochor ko‘chmanchilarga rahmdillik bilan munosabatda bo‘ldilar, busiz ularning ko‘pchiligi ochlik va muhtojlikdan o‘lib ketgan bo‘lardi”, deb guvohlik bergan.

Turkiston yerlariga kirib kelgan Rus pravoslav ruhoniylari asosiy e’tiborni missionerlik faoliyatiga emas, balki o‘z jamoalarining diniy ehtiyojlarini qondirishga qaratgan. Pravoslavlar cherkov qurganlarida mahalliy aholi ham yordam ko‘rsatgani ma’lum. Masalan, Chirchiq shahridagi “Muqaddas Georgiy” ibodatxonasi qurilishiga mahalliy xalq va savdogarlar moddiy ko‘mak berganlar. Bu ushbu din vakillari orasidagi o‘zaro hurmat o‘sha davrlardan shakllanganiga dalil bo‘la oladi.

Tarixiy manbalarda O‘zbekistonda diniy va etnik munosabatlar asosida biror marta ham nizo chiqmagani qayd qilingan. Bunday holatni hozirda islom, xristian, yahudiy dinlari va boshqa konfessiyalarning o‘zaro munosabatlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu kabi do‘stona munosabatlar, ya’ni musulmonlar va xristianlarning O‘zbekiston zaminida birgalikda hamnafas bo‘lib yashashi diniy-ma’naviy totuvlikning timsoli va barcha din vakillariga nisbatan bag‘rikenglikning eng yaxshi namunasi, deb aytishimiz mumkin.

Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Hindiston” asarida “Biron xalqning u yoki bu udumiga baho berishda bunisi menga yoqadi, unisi yoqmaydi, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Negaki, har bir xalq udumi va an’analari ming yillar davomida shakllangan va o‘sha millatning hayot tarziga aylangan”, deb yozgan edi.

O‘zbekiston ko‘p millatli davlat bo‘lib, 136 millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Ular nafaqat turli tillarda so‘zlashadi, balki turli dinlarga e’tiqod qiladi. Hozirda mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining diniy urf-odat, an’ ana va qadriyatlarini saqlab qolish hamda bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Muhimi, bag‘rikenglik xalqimizning azaliy qadriyatiga aylangani butun jahonda e’tirof etilmoqda.

 

Ne’matullo MUHAMMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

kafedra mudiri,

tarix fanlari doktori, dotsent

Манба: “Toshkent haqiqati” gazetasi 2021-yil, 42-son.


Print   Email