Akademiyada maxsus kurs uchrashuvi o‘tkazildi

Akademiyada maxsus kurs uchrashuvi o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sovet Ittifoqi davridagi faoliyati (1943-1989 yillar)” mavzusida maxsus kurs bo‘lib o‘tdi.

ZOOM platformasi orqali onlayn shaklda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Usmonov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov, soha mutaxassislari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda xodimlari ishtirok etdi.

Ikki qismga bo‘lingan davra suhbati avvalida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida yaratilgan “Tili o‘rganilayotgan mamlakat adabiyoti (arab adabiyoti – V-XVIII asrlar)” o‘quv qo‘llanmasining taqdimoti o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Salima Rustamiy hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori Dilafro‘z Muhiddinova so‘zga chiqib, mazkur kitob haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Mazkur qo‘llanma arab adabiyoti taraqqiyot bosqichlarining eng asosiy davrlari, shu davrlarda ijod etgan taniqli shoir va yozuvchilar ijodi, turli adabiy oqim yo‘nalishlari va janrlari haqida ma’lumot beradi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sovet Ittifoqi davridagi faoliyati (1943-1989-yillar)” mavzusida maxsus kurs o‘tkazildi. Davra suhbatida  “Ta’sis majlisi va birinchi qurultoy tarixi. Buxoroda Mir Arab madrasasi 1945-yili faoliyatining qayta tiklanishi” mavzusida so‘z bordi. Prorektor Ibrohim Usmonov mavzu haqida fikr yuritar ekan, aynan mana shu davrda yurtimizda Mir Arab madrasasi, Toshkent islom instituti – diniy ta’lim markazlari tashkil etilgani Sovet Ittifoqi musulmonlari hayotida katta ahamiyat kasb etganini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon qizi Muxlisa Ziyovuddinova so‘z olib, bobosi va otasi haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur davrda mustabid tuzum davrida islom diniga bo‘lgan munosabat, O‘zbekistonda ilk diniy idora tashkil etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritildi.

Maxsus kurs yakunida tadbir ishtirokchilarining mavzu yuzasidan fikrlari tinglandi. Bu kabi maxsus kurslar muntazam ravishda yurtimiz hamda xorijlik soha mutaxassislari bilan o‘tkazilishi ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email