Akademiyada ko‘zi ojiz abituriyentlar imtihoni bo‘lib o‘tdi

Akademiyada ko‘zi ojiz abituriyentlar imtihoni bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriat va magistratura bosqichiga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan jami to‘rt nafar ko‘zi ojiz abituriyent joriy yil 4 sentyabr kuni og‘zaki va test shaklida kirish imtihonlarida ishtirok etdi.

Ochiqlik, shaffoflik va adolatni ta’minlash maqsadida imtihon hay’at tarkibi Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti, Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti va Akademiya qoshidagi akademik litsey pedagoglaridan tuzildi va sinov jarayonini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston ko‘zi ojizlari jamiyati vakillari kuzatib borishdi.

Imtihon hay’ati “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi (bakalavriat)ga hujjat topshirgan ikki nafar abituriyentni tarix va chet (ingliz, nemis) tillari bo‘yicha bilimlarini og‘zaki ravishda baholagan bo‘lsalar, Tarix (Islom sivilizatsiyasi) magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirish uchun da’vogar ikki nafar abituriyent mutaxassislik fani va chet (fors) tilidan test savollariga javob berishdi.

Kirish imtihonlari natijalari haqida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tartibi”ga ko‘ra, kirish imtihonlarida maksimal ballning 55 foizidan yuqori ball olgan yoki besh balli baholash tizimida “3”, “4”, “5” baholardan biriga ega bo‘lgan abituriyentlar Davlat komissiyasi qaroriga binoan tanlovsiz, alohida ajratilgan o‘rinlarga davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email