Akademiya talabasi sport bellashuvlarida zafar quchdi

Akademiya talabasi sport bellashuvlarida zafar quchdi

So‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida mamlakatimizda sportchi yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Eng muhimi, ular tomonidan erishilayotgan yutuqlar havas qilsa arzigulik.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan joriy yilning 16-17-fevral kunlari Farg‘ona viloyatida sportning bel olish va uch kurash turi bo‘yicha 2004-2005-yillarda tug‘ilgan yoshlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq birinchiligi o‘tkazilgan edi.

Quvonarlisi, mazkur musobaqada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik” fakulteti 2-bosqich talabasi Shukurullo Komiljonov muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

66 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Shukurullo murosasiz kechgan janglardan so‘ng 1-o‘rinni egalladi. U mazkur natijasi bilan respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 60 kg vazn toifasida ham ishtirok etib, 2-o‘rin sohibiga aylandi.

– Yetti yildan beri sport bilan muntazam shug‘ullanaman, – deydi Shukurullo Komiljonov. – Bu vaqt davomida kikboks sport turi bo‘yicha uch karra O‘zbekiston chempioniga aylandim. 2017-yilda Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib bo‘ldim. Ayni paytda bel olish va uch kurash sport turi bo‘yicha shug‘ullanyapman. Farg‘onada bo‘lib o‘tgan viloyat birinchiligida g‘alaba qozonib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Fevral oyida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi. Maqsadim ana shu musobaqada g‘olib bo‘lib, Osiyo va jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi iqtidorli sportchi-talabaning erishgan yutuqlari bilan tabriklab, o‘qish va izlanishlarida omad tilaydi!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email