Akademiya talabasi O‘zbekiston chempioniga aylandi

Akademiya talabasi O‘zbekiston chempioniga aylandi

Mamlakatimizda yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Buning natijasi o‘laroq, sportchi yoshlar safi tobora kengayib bormoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islomshunoslik” fakulteti 2-bosqich talabasi Shukurullo Komiljonov sog‘lom turmush tarziga amal qilib, yetti yildan beri kikboksing sport turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Bu vaqt davomida sportchi-talaba uch karra O‘zbekiston chempioniga aylandi. 2017-yilda Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.

Kuni kecha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Namangan viloyati Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi “Pahlavon” sport majmuasida kikboksing bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tgan musobaqada 63,5 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Shukurullo Komiljonov murosasiz kechgan janglardan so‘ng 1-o‘rinni egalladi. Iqtidorli talaba mazkur natijasi bilan joriy yilda bo‘lib o‘tadigan kikboksing bo‘yicha Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

– Musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rdim, – deydi Shukurullo Komiljonov. – Ustozim bilan har bir jangga jiddiy tarzda yondashdik. Raqiblarimning imkoniyatlari, yutuq-kamchiliklarini tahlil qilib, turli jang uslublarini ishlab chiqdik. Shukrki, ota-onam, yaqinlarim, ustozlarim oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi. 19 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan toifada ishtirok etib, yakunda mamlakat chempioniga aylandim. Mazkur g‘alabam tufayli O‘zbekiston terma jamoasiga a’zo bo‘ldim. Endigi maqsadim xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib ishtirok etishdan iborat. May oyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda ham oltin medalni qo‘lga kiritishga harakat qilaman.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi iqtidorli sportchi-talabaning erishgan yutuqlari bilan tabriklab, o‘qish va izlanishlarida omad tilaydi!

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email