Akademiya professor-o‘qituvchilari xalqaro anjumanda ishtirok etdi

Akademiya professor-o‘qituvchilari xalqaro anjumanda ishtirok etdi

Qozog‘istonning Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti tashabbusi bilan “Universitetlarda “Islomshunoslik mutaxassislarini tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

ZOOM platformasi orqali onlayn formatda o‘tgan xalqaro anjumanda yurtimiz nomidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori D.Maqsudov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Abdullayeva ishtirok etdi.

Shuningdek, Qohira universiteti professori Madih Abdulloh Abduljavod, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti diniy va madaniy tadqiqotlar kafedrasi professori N.Baitenova, Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti Gumanitar fanlar fakulteti dekani S.Abjalov, Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti Dinshunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi A.Duysenbayeva, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar, doktorantlar hamda talabalar qatnashdi.

Konferensiyada “Qozog‘istonda islomshunoslik bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash”, “Islom ta’limoti: hozirgi va kelajagi”, “Yangi O‘zbekistonda islom ta’limi va tadqiqotlaridagi islohotlar”, “Islom ilmlarini shakllantirishning dastlabki shartlari va tamoyillariga tanqidiy yondashish”, “O‘zbekistonda Qur’on ilmlarini o‘rganish”, “O‘zbekistonda islomshunoslikni o‘qitish: xalqaro islom akademiyasining tajribasi” kabi mavzularda ma’ruza qilindi.

Anjumanda so‘z olganlar tomonidan xorijda islomshunoslik bo‘yicha o‘qitish xususiyatlari va tajribasi, islom tadqiqotlarining metodologik masalalari va islom manbalarini talqin qilish usullarini o‘rganish, islomning zamonaviy va post-zamonaviy sivilizatsiya bilan aloqalari, raqamli jamiyatda islomshunoslik bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Qizg‘in muhokama va bahs-munozaralarga boy o‘tgan tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash, bu kabi xalqaro konferensiya, anjumanlarni muntazam o‘tkazib turish kerakligini ta’kidlashdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email