Akademiya doktoranti xalqaro konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi

Akademiya doktoranti xalqaro konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Islom hamkorlik tashkiloti Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) tomonidan hamkorlikda “O‘zbekistonda islom madaniyati, tarixi va san’atini o‘rganishning yangi istiqbollari” mavzusida akademik Ubaydulla Karimov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Islom tarixi, madaniyati va san’atini tadqiq etish markazi (IRCICA) bosh direktori professor, doktor Mahmud Erol Qilich, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori, professor Zohidjon Islomov, xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari hamda sohaga oid boshqa tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan yetuk mutaxassis va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Ular islom sivilizatsiyasi tarixi, Markaziy Osiyo tarixi va tarixshunoslik masalalari, manbashunoslik va matnshunoslik, islomshunoslik, fan va san’at tarixi, allomalar ilmiy merosi hamda filologik tadqiqotlarga bag‘ishlangan 7 ta shoʻbaga bo‘linib, 80 dan ziyod ma’ruzalar tinglandi.

Quvonarlisi, anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidan bir qator professor-o‘qituvchi, doktorant va yosh tadqiqotchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi 3-bosqich tayanch doktoranti Bekzodbek Muxtarov “Abul Barakot Nasafiyning “al-Mustasfo” asari hanafiy fiqhiga oid manba” mavzusida ma’ruzasi bilan ishtirok etib, “Musulmon olimlarining ilmiy merosi” shoʻbasida “Eng yaxshi ma’ruzachi” deb e’tirof etildi. Shuningdek, konferensiyaning “Ubaydulla Karimov” nomidagi sertifikatiga sazovor bo‘ldi.

Tadqiqotchi Bekzodbek Muxtarov akademiyaning yosh olimlari orasida o‘zining faol va izlanuvchanligi, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda tashabbuskorligi bilan ajralib turadi. Yosh olimning bugungi kunga qadar 10 dan ziyod ilmiy maqola, 40 ga yaqin xalqaro va mahalliy anjumanlaridagi ilmiy ish, 1 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta risola, 2 ta Yosh olimlar to‘plami hamda 3 ta diniy-ma’rifiy mazmundagi kitoblari nashr etilgan.

Ayni paytda yosh olim “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi bo‘yicha tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olish uchun ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi yosh olimning kelgusi ilmiy ishlariga omad va muvaffaqiyat tilab qoladi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email