201 nafar tinglovchiga sertifikat topshirildi

201 nafar tinglovchiga sertifikat topshirildi

Respublika masjidlarida faoliyat yuritayotgan barcha imom noiblarining yot g‘oyalarga raddiya berish, ularni yurtimizda davlat va din munosabatlari yo‘nalishlarida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish hamda imom noiblar bilan ishlash tizimini jadallashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda imom noiblar faoliyati uzluksizligini ta’minlash, mahalla miqyosida o‘tkaziladigan diniy tadbir va marosimlarni tizimli tashkil etish maqsadida ular uchun malaka oshirish o‘quvlarini bosqichma-bosqich o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

72 soatlik o‘quvlarning navbatdagi uchinchi bosqichi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda faoliyat olib borayotgan 201 nafar imom-noib uchun tashkil etildi.

Dars jadvalida davlat va din munosabatlari, diniylik va dunyoviylikning ratsional uyg‘unligi hamda diniy-ma’rifiy masalalarga oid mavzularga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar interfaol pedagogik texnologiyalar asosida tinglovchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirishga qaratilgan ma’ruza va seminar-treninglar tarzida o‘tkazildi. Tinglovchilarning mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, “Hazrati Imom” majmuasi, “Suzuk ota” ziyoratgohiga borib, yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar bilan bevosita tanishdi. Shuningdek, tinglovchilar uchun “Imom Termiziy” hamda “Abdulla Avloniy” kabi filmlari namoyish etildi.

Malaka oshirish yakunida imom-noiblar uchun “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash asoslari” nomli o‘quv qo‘llanma va o‘tilgan mavzular bo‘yicha tarqatma materiallar hamda sertifikat taqdim etildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email