12-oktabrdan 1-kurs talabalari bilan tanishuv-tanishtiruv darslari, keyin masofaviy taʼlim jarayonlari boshlanadi

12-oktabrdan 1-kurs talabalari bilan tanishuv-tanishtiruv darslari, keyin masofaviy taʼlim jarayonlari boshlanadi

Koronavirus pandemiyasi sabab doimiy turmush tarzimiz, rejalarimiz, hayotimiz, anʼanaviy ishlar ham oʻzgardi. Birgina oliy oʻquv yurtlariga qabul va oʻquv yilining boshlanishida ham oʻzgarishlar boʻldi.



Oliy taʼlim muassasalari rektorlari (direktorlari), oʻquv ishlari boʻyicha prorektorlari (direktor oʻrinbosarlari) va vazirlik masʼullari ishtirokida oʻtgan vedioselektor yigʻilishida taʼlimga oid zaruriy masalalar koʻrildi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan xabar berishlaricha, yigʻilishda 1-kursga tavsiya etilgan abituriyentlar bilan ishlash, ular uchun oʻquv yilini boshlash, yuqori kurs talabalari uchun oʻquv jarayonida masofaviy taʼlimning tashkil etilganlik holatini oʻrganish, magistraturaga qabul natijalari xususida soʻz bordi.

Shuningdek, koʻpchilikni qiziqtirgan yangi oʻquv yilida toʻlov-kontrakt narxlari va shartnoma shartlari, OTMlar huzuridagi texnikumlarda kirish sinovlarini tashkil etish va oʻquv jarayonini boshlash masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, oʻqishga qabul qilingan yoshlar, ayniqsa, uzoq hududlarda yashaydigan talabalarning poytaxtimiz yoki boshqa shaharlarda joylashgan OTMlarga kelib yurmasligi choralari koʻriladi.

Talabalarning tasdiqlangan roʻyxati shakllantirilib, ular tomonidan taqdim qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, tegishli eʼlonlar OTM rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Talabalar bilan yuzma-yuz uchrashib, masofaviy taʼlim, toʻlov-kontrakt shartlari, ichki tartib-qoidalar, mustaqil taʼlim olishning oʻziga xosliklari toʻgʻrisida axborot berish maqsadida, zarurat boʻlganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlariga rahbar-xodimlar, tajribali professor-oʻqituvchi va mutaxassislar guruhi yuboriladi.

Bunda navbat bilan dastlab kunduzgi, kechki, keyin sirtqi taʼlim shaklida tahsil oluvchi talabalar bilan tizimli ish olib boriladi. Shuningdek, fuqarolarning murojaatlariga toʻliq va toʻgʻri javob berish uchun call-markazlar faoliyati tashkil etiladi.

Yigʻilishda yuqori kurs talabalari uchun oʻquv jarayonida masofaviy taʼlimning tashkil etilganlik holati oʻrganilib, natijalar eʼlon qilinib, bu boradagi kamchiliklar bartaraf etilishi boʻyicha vazifalar belgilandi. Jumladan, elektron oʻquv-axborot resurslari, videomaʼruzalar va audiomateriallar taʼminotini talab darajasiga keltirish borasida aniq topshiriqlar berildi.

Toʻlov-kontrakt narxlari va shartnoma shartlari boʻyicha davlat OTMlarining bakalavriat, magistraturada kunduzgi taʼlim shaklida toʻlov-kontrakt asosida tahsil oladigan barcha talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda amaldagi bazaviy toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz qismidan) miqdoriga 10 foiz chegirma berilgan. Oshirilgan toʻlov-shartnoma asosida oʻqishga qabul qilishni soʻrab murojaat etgan fuqarolardan joriy yil 10-oktabr sanasidan boshlab arizalar qabul qilinadi.

Tadbir davomida texnikumlarga qabul jarayonini samarali yakunlash, vakant taʼlim yoʻnalishlarini toʻldirish maqsadida OTMlar tomonidan targʻibot ishlarini kuchaytirish va belgilangan oʻrinlarga qabulni yakunlash vazifalari ham muhokama qilindi.

  Joriy oʻquv yilida taxminan 12-oktabrdan 1-kurs talabalari bilan tanishuv-tanishtiruv darslari, soʻng masofaviy taʼlim jarayonlari boshlanadi.

Maʼlumot uchun, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, poytaxt OTMga oʻqishga kirgan talabalar Toshkentdagi oliy oʻquv yurtlariga kelishi mumkin. Shuningdek, talabalar oʻzlari qabul qilingan OTM saytini muntazam kuzatib borishi shart.

O'zA


Print   Email