“Ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari”ga bag’ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi

“Ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari”ga bag’ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi

Bugun, 28-aprel kuni “Ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati.

Tadbirda mutasaddilar tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirishga oid muammolar, dolzarb vazifalar va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.

Muloqotda O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, qator farmon va qarorlar asosida bu sohadagi shart-sharoitlar yaxshilanib borayotgani, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi turizm sohasiga hanuzgacha salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Shubhasiz, pandemiya va undan keyingi davrda mamlakatimizda turizm sohasini jadal qayta tiklashda ziyorat turizmining o‘rni beqiyos. Shunga ko‘ra, Davlatimiz Rahbari tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, 2021-yilda mamlakatimizda mavjud ko‘plab ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolar imkoniyatidan foydalanib, ziyorat turizmi yo‘nalishida 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unda qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imidjini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilingan.

Joriy yilda viloyatlar kesimida ziyoratgohlarning targ‘iboti uchun jami 1,1 milliard so‘m, xorijiy davlatlarda mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qilish uchun 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, qator yangi mahalliy va xorijiy yo‘nalishlarda aviaparvozlar va temir yo‘l qatnovlarinini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, ziyorat turizmi sohasida bugungi holat va kelgusidagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati savol-javob va qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

 


Print   Email