“Ziyo” vakillari g‘oliblik shohsupasida

“Ziyo” vakillari g‘oliblik shohsupasida

Milliy-diniy qadriyatlarimizni mustahkamlash, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik g‘oyalarini tarannum etish, yoshlarda buzg‘unchi va yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish yo‘lida ommaviy axborot vositalarida amalga oshirilayotgan ishlarda faol bo‘lgan ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Sarhisob” tanlovida “Ziyo” media markazi muharriri – Ishoq Arabov va “Imom Buxoriy saboqlari” diniy-ma’rifiy ko‘rsatuvining boshlovchisi Jaloliddin Hamroqulov 1-o‘ringa munosib, deb topildi.

“Ziyo” media markazi muxlislari, tanlovning “Radio” yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan Ishoq Arabovni “Ziyo chashmasi”, “Ma’rifat ziyosi”, “Imom Buxoriy o‘gitlari” kabi radiodasturlar muharriri va suxandon sifatida, “Yilning eng faol targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi Jaloliddin Hamroqulovni O‘zbekiston telekanali orqali efirga uzatiluvchi “Imom Buxoriy saboqlari” diniy-ma’rifiy ko‘rsatuvining boshlovchisi sifatida yaxshi bilishadi.

O‘tgan yillar mobaynida “Ziyo” media markazi bunday tanlovlarning bir necha bor faol ishtirokchisi va g‘olibi bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘ngi yillarda g‘oliblik borasida tanaffus qilgan edi. Xushxabarlar o‘tgan 2020-yildan boshlandi. Markaz muharriri Vazira Ibragimova “Adabiyot” yo‘nalishida “Zulfiya” mukofoti sohibi bo‘ldi, yaqinda markaz rahbari Abduxamid Muxtorovning O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingani haqida xabar berdik. Markaz vakillarining “Sarhisob” tanlovidagi yutug‘i esa barchamiz uchun quvonchli bo‘ldi. Demak, markaz jamoasi ijodiy ishlarda sobitlik bilan ilgari intilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi “Ziyo” media markazi hamda barcha g‘oliblarni erishgan yutuqlari bilan qutlab, ijodiy muvaffaqiyatlarning bardavom bo‘lishini tilaydi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email