“Ziyo” media markazi direktoriga Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomasi topshirildi

“Ziyo” media markazi direktoriga Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomasi topshirildi

So‘nggi yillarda yurtimizda ma’naviyatimizning g‘oyat muhim va uzviy qismi bo‘lgan adabiyotni rivojlantirish, shoir va yozuvchilarimizning ezgu mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiyotga oshno bir qator iste’dodli ijodkorlarga uyushmaga a’zolik guvohnomasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, rais o‘rinbosarlari Nodir Jonuzoq, Gʻayrat Majid, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi Bosh muharriri Salim Doniyorov, adabiyotshunos olima Sayyora Xolmirzayeva hamda ijod ahli vakillari ishtirok etishdi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlarni aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatayotgan, adabiyot sohasida barakali ijod qilib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashayotgan iste’dod egalariga shaxsan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid tomonidan uyushmaga a’zolik guvohnomasi topshirildi.

E’tiborlisi, uyushmaga a’zo bo‘lganlar orasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori, taniqli jurnalist, ijodkor va publitsist Abduhamid Muxtorovning borligi ham quvonarlidir.

Muxtorov Abduhamid Abduaxadovich 1979-yili Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Bolg‘ali qishlog‘ida tavallud topgan.

A.Muxtorovning turli yillarda respublika ommaviy axborot vositalarida davlat tili, milliy urf-odatlar va an’analar, milliy g‘oya, milliy mafkura, milliy kiyinish madaniyati, odob axloq hamda ijtimoiy muammolarga bag‘ishlangan yuzlab materiallari e’lon qilingan.

A.Muxtorov “Ma’rifat”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalari hamda “Bolalar sporti”, “Til va adabiyot ta’limi” jurnallari, “Medianashr”, “Tafakkur” kabi nashriyotlarda turli yillarda samarali faoliyat olib borgan.

 “So‘nggi qo‘ng‘iroqdan keyin...” nomli maqolalar, suhbatlar hamda ocherklarni o‘zida jamlagan publitsistik to‘plamining muallifidir. Ushbu to‘plam publitsistika ixlosmandlarining e’tiroflariga sazovor bo‘lib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi nashriyotida o‘n ming nusxada chop etilgan. 2014-yili “Tafakkur” nashriyotida A.Muxtorovning hajviyalar to‘plami nashr etilgan.

A.Muxtorov 2018-yildan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot kotibi, 2019-yil fevral oyidan Akademiyaning Nashriyot-matbaa birlashmasi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2019-yil sentabrdan hozirga qadar diniy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar, hujjatli va publitsistik filmlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Ziyo” media markazining direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorovni Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomasini qo‘lga kiritgani bilan samimiy tabriklaydi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email