“Tanishuv darsi”: 1-kurs talabalarini yangi yutuqlarga ilhomlantirdi

“Tanishuv darsi”: 1-kurs talabalarini yangi yutuqlarga ilhomlantirdi

Bugun, 12-oktabr kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 1-kursga talabalikka tavsiya etilganlar uchun onlayn “Tanishuv darslari” bo‘lib o‘tdi.

Darslar avvalida davlat madhiyamiz yangrab, Akademiya rektorining 1-bosqich talabalariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.

Unda o‘z bilim va kuchiga tayanib, puxta tayyorgarlik bilan Akademiya talabasi bo‘lish baxtiga erishgan o‘g‘il-qizlarga samimiy qutlov yo‘llangan. Ta’lim tizimidagi islohotlar, yoshlarning sifatli bilim olishlari hamda kelajakda har tomonlama yetuk, salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishi uchun yurtimizda yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tilgan.

Tanishuv darslari davomida Akademiya “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar”, “Islomshunoslik”, “Mumtoz Sharq filologiyasi” fakultetlari hamda magistraturaga qabul qilingan 1-bosqich talabalari e’tiboriga Akademiya faoliyati aks etgan videorolik namoyish etildi.

Shuningdek, akademiyada talabalarga yaratilgan sharoitlar, o‘quv xonalari, kutubxonalar, turli to‘garaklar, sport maydonchalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Akademiyada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalar, kiyinish madaniyati, talabalarning namunali xulq-odobi, kredit-modul tizimida o‘qish tartibotlari to‘liq tushuntirildi.

Darslar yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga professor-o‘qituvchi hamda tegishli mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Ta’kidlash joizki, bugungi pandemiya sharoiti tufayli ma’lum vaqtga qadar 1-kurs talabalari ham boshqa kurs tolibi ilmlari singari o‘qishni masofaviy (onlayn) shaklda davom ettiradilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email